Joriy yilning 4 avgust kuni “O`zbekkino” Milliy agentligi binosida Bosh direktor Firdavs Abduxoliqov raisligida Toshkent shahridagi yirik kinoteatrlar rahbarlari ishtirokida yig`ilish o`tkazildi. Bu haqda "O`zbekkino" Milliy agentligi Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur uchrashuv 2020 yil 31 avgustdagi O`zbekiston Respublikasiga koronovirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan kinoteatrlar tizimi faoliyatini yo`lga qo`yishga ruxsat etilganligi munosabati bilan tashkil etildi. Unda Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan tanishib chiqilib, barcha kinoteatrlar belgilangan talablar va karantin qoidalariga qat`iy amal qilgan holda faoliyat yuritish bo`yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, ayrim kinoteatrlarga borib tayyorgarlik ishlari va real holat bilan tanishib chiqildi.
Ma`lumot o`rnida, hozirda respublika bo`yicha 161 ta kinoteatr mavjud bo`lib, umumiy sig`imi 25 500 tani tashkil etadi. Shundan 9 tasi davlat kinoteatrlari bo`lib, 152 tasi esa xususiy kinoteatrlar hisoblanadi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar yana qariyb 4 ming o`rinli 15 ta kinoteatrlarning qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.






