AsosiyJamiyat

“Haj” va “Umra” safarlariga bormoqchi bo`lganlarga navbatga turish tartiblari sanab o`tildi

Ma`lumki, muqaddas dinimizning beshta farzi bo`lib, uning so`nggisi Hajdir. Hajni niyat qilgan inson islom dinining qolgan to`rt farzini ado etayotgan bo`lishi, iqtisodiy tomondan yaxshi ta`minlangan bo`lishi, umuman olganda ham ruhan ham ma`nan sog`lom bo`lishi lozim.
O`zbekiston mustaqillikka erishgandan so`ng dinga bo`lgan e`tibor butkul ijobiy tomonga o`zgardi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Haj va Umra masalalarida ham fuqarolarimizga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Fuqarolarimizning vijdon erkinligi va diniy e`tiqodga bo`lgan konstitusiyaviy huquqlarini ta`minlash hamda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish bilan bog`liq tadbirlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida talay qaror va farmonlar qabul qilindi.

Din ishlari bo`yicha qo`mitaning Xalqaro aloqalar bo`limi Haj va Umra safarlariga bormoqchi bo`lgan fuqarolarga hujjat qabul qilish bo`yicha zaruriy talablarni sanab o`tdi:

-“Haj” va “Umra” ziyoratlariga borish uchun arizachi doimiy yashash joyidagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organiga ariza hamda pasporti nusxasini taqdim etishi lozim.

- Fuqarolarning “Haj” va “Umra” tadbirlariga borish uchun arizasi ularning doimiy yashash joylaridagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan yil davomida qabul qilinib, navbatga qo`yib boriladi.

- Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi arizani qabul qilib olgandan so`ng arizachiga ro`yxatda turganligini aks ettiruvchi ma`lumotnoma taqdim qiladi.

- Ro`yxat bo`yicha navbati kelgan fuqarolar tashkiliy guruh tomonidan chaqirtiriladi va hujjatlari rasmiylashtiriladi.

- “Haj” va “Umra” tadbirlariga borish uchun ro`yxatda turgan fuqaroning o`z navbati kelganda muayyan sabablarga ko`ra ziyoratga borish imkoni bo`lmasa, u ariza bilan navbatini keyingi yilga orqaga surishi mumkin.

- Ikki yildan so`ng ham fuqaroning muayyan sabablarga ko`ra ziyoratga borish imkoni bo`lmasa uning navbati bekor qilinadi.

- Fuqaroning navbati bekor qilinganda uning o`rniga navbatda undan keyin turgan fuqaro ziyoratga borish huquqiga ega bo`ladi hamda bu haqda ziyoratga borish huquqiga ega bo`lgan fuqaro xabardor qilinadi.

- Navbati bekor qilingan fuqarolar “Haj” va “Umra” tadbirlariga borish uchun belgilangan tartibda ro`yxatga qaytadan yoziladi.

- Navbatda turgan fuqarolarning o`z navbatini o`zaro almashtirishiga yoki uni ro`yxatda turmagan fuqarolarga berishiga yo`l qo`yilmaydi.

- Tashkiliy guruhlar tegishli yilda fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan “Haj” va “Umra” tadbirlariga boradigan ziyoratchilar ro`yxatiga kiritilgan fuqarolardan o`zlari hisobda turgan tibbiyot muassasalaridan salomatligi, ziyoratga borishga qodir ekanligi haqidagi ma`lumotnomani va rangli fotosuratlarini qabul qilib oladi.

Tegishli yilda “Haj” va “Umra” ziyoratlariga boradigan fuqarolar ro`yxatini shakllantirishda quyidagi qo`shimcha shartlar mavjud.

Jumladan, muqaddas safarga mumkin qadar ko`proq fuqarolarimizning borishlarini ta`minlash maqsadida “Haj” safariga bormoqchi bo`lgan fuqaro so`nggi besh yil mobaynida “Haj”ga, “Umra” ziyoratiga bormoqchi bo`lgan fuqaro esa oxirgi ikki yil mobaynida “Umra” yoki “Haj”ga bormagan bo`lishi sharti kiritilgan.

Shuningdek, islom dini ta`limoti talablariga ko`ra, “Haj” va “Umra” ziyoratlariga bormoqchi bo`lgan fuqarolar voyaga etgan bo`lishi va 45 yoshgacha bo`lgan ayollar uchun mahramlari (eri, otasi, o`g`li, akasi, ukasi va h.k.)ning ham birga borishi hamda mahram ekanligini tasdiqlovchi hujjat (pasport, tug`ilganlik haqida guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma) nusxasi taqdim etilishi lozim.

Ziyoratchilarning safar to`lovlari, chet elga chiqish uchun Saudiya Arabistoni vizasini rasmiylashtirish, tibbiy ko`rikdan o`tkazish hamda safar oldi mashg`ulotlarini o`tkazish kabi barcha ishlar “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Ta`kidlash joizki, bugungi kunda ko`pchilik yoshi ulug`larimiz tomonidan yoshlarini, kasalliklarini, nogironliklarini e`tiborga olib navbatdan tashqari haj yoki umra safarlariga jo`natishni so`rab murojaatlar kelib tushmoqda.

Nogironlarga, mehnat va urush faxriylariga, Vatanimizni himoya qilishdagi fidokorona xizmat ko`rsatgan fuqarolarga hukumatimiz tomonidan turli imtiyozlar yaratib beriladi. Ammo, haj va umra ziyoratlari sof diniy amal bo`lganligi hamda hozirda navbatda turganlarning aksariyatini yoshi ulug`lar tashkil etayotganini e`tiborga olib navbatdan tashqari safarga yuborish nazarda tutilmaydi.

Navbatdan tashqari safarga yuborish masalasi istisno tariqasida mahalla fuqarolar yig`inidagi Haj hay`ati yig`ilishida barcha navbatda turgan fuqarolar bilan muhokama qilinib, ular o`z navbatlari o`rniga nomzodning yoshi, el-yurt manfaati yo`lidagi xizmatlarini inobatga olib tavsiya etsalar va bu ishlar mahalla, tuman, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan taqdirda ijobiy hal bo`lishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar