4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrut shahridagi portda kuchli portlash sodir bo`lgan edi. Bugun ushbu hududda kuchli yong`in yuz berdi, quyuq qora tutun bir necha chaqirim balandlikka ko`tarildi.
Livan OAV yozishicha, yong`in Duty Free hududidagi angarlardan biridan chiqqan. Voqea joyiga o`t o`chiruvchilar va harbiylar etib borgan. Keyinroq harbiylar erkin bojxona hududidagi avtomobil shinalari va moylari saqlanadigan omborga o`t ketganini xabar qildi.
“O`t o`chiruvchilar brigadalari ishlamoqda, ularga armiya vertolyotlari yordam bermoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, 4 avgust kuni Bayrutda portida sodir bo`lgan kuchli portlash oqibatida shaharning katta qismi talafot ko`rdi, yuzlab uylar vayron bo`ldi. Portlash zarbidan ko`plab binolarning oynalari to`kilib tushdi. 190 kishi halok bo`lgan, olti mingdan ziyod kishi jarohat olgan.
Hukumatning ma`lum qilishicha, portdagi omborda 2014 yildan beri saqlangan 2750 tonna ammiak selitrasi portlashga sabab bo`lgan.
Hozirda Livan poytaxti ofat hududi deb tan olingan, 19 sentyabrgacha shaharda favqulodda holat rejimi joriy qilingan.






