AsosiyJinoyat

Plastik kartangiz suratini qo`l telefoningizda saqlamang!

'Plastik kartangiz suratini qo`l telefoningizda saqlamang!'ning rasmi

1983 yil Navoiy viloyatida tug`ilgan, hozirda Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Sh. ehtiyotsizlik oqibatida «Redmi-7» rusumli qo`l telefonini ko`chada tushirib qoldiradi.

Yo`qotilgan buyumni 1993 yil Navoiy viloyatida tug`ilgan, ayni paytda Zarafshon shahrida yashovchi K.V. topib olib, telefon xotirasidagi M.Sh.ga tegishli bo`lgan shaxsiy plastik karta raqami tasvirini ko`rib, o`zining android qo`l telefonida mavjud bo`lgan “PayMe” dasturiga hisobida mablag`i bo`lmasada kiritib qo`yadi.

Vaqt o`tib, M.Sh.ning oylik maoshi plastik kartaga tushganligi to`g`risidagi xabarnomani o`qib, K.V. 1 million 323 ming so`m pul mablag`ini yashirin ravishda talon-toroj qilgan holda, o`z ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi. Hozirda Zarafshon shahar IIB xodimlari tomonidan mazkur holat yuzasidan qoidabuzar K.V.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Afsuski, insof-diyonatni unutgan holda, o`zgalar mehnati evaziga topilgan halol nasibaga ko`z tikib, nopoklik yo`li bilan mo`may daromadga ega bo`luvchi kishilar ham bor oramizda. Biroq, qoidabuzarlik har qanday holatda ham o`z isbotini topadi, albatta.

Endilikda, fuqaro K.V. tegishli tartibda javobgarlikka tortiladi. Shuni alohida ta`kidlash o`rinliki, keyingi paytlarda fuqarolarning e`tiborsizligi sabab, shaxsiy plastik kartasidagi pul mablag`larining noqonuniy olib qo`yilayotganligi kabi holatlar yuzasidan ko`plab murojaatlar uchramoqda.

Avvalambor, har bir kishi o`ziga tegishli bo`lgan shaxsiy plastik kartasi raqamlarini sir tutishi maqsadga muvofiqdir.

    Boshqa yangiliklar