Avval xabar berilganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 14 sentyabr kuni elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Yig`ilishda “Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyati joriy yil yakunigacha aholiga 1,2 million dona, kelgusi yilning birinchi yarmida yana 2,3 million dona zamonaviy gaz hisoblagich o`rnatishi zarurligi ta`kidlandi.
Bunda birinchi navbatda tabiiy gaz iste`moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo`lgan 22 ta tuman va shahar qamrab olinadi. 4 mingdan ziyod yirik iste`molchilar, gaz quyish shoxobchalari va ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, 850 ta issiqxona avtomatlashtirilgan tizimga ulanadi.
Energetika vazirligiga har bir tuman, shahar kesimida hisoblagichlarni etkazib berish, o`rnatish va tizimga ulash ishlarini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish topshirig`i berildi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga hududlarda ishchi guruhlar tuzib, mahalla raislari bilan birgalikda aholiga hisoblagichlar o`rnatishni tashkillashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo`lgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish vazifasi qo`yildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hududgazta`minot” jamiyatlarining texnik xodimlari va IT mutaxassislarini ushbu zamonaviy tizim bilan ishlash, uning barcha imkoniyatlari va qulayliklaridan samarali foydalanish bo`yicha malakasini oshirish kerakligi ta`kidlandi. Har bir hududda hisoblagich va boshqa uskunalarni ta`mirlash, ularga xizmat ko`rsatish tizimini yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Yig`ilishda elektr energiyasi va tabiiy gazdan debitor qarzdorlikni kamaytirish masalasiga ham to`xtalib o`tildi.
Tarmoq rahbarlari elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot qildi.







