«Do`stlik» kanalining Guliston shahridan o`tadigan qismini betonlash ishlari yakunlandi.
Sirdaryo viloyati faollari, nuroniylar va yoshlar 19 dekabr kuni bu erda amalga oshirilgan rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
«Do`stlik» kanali Sirdaryodagi «Farhod» gidroelektrostansiyasining tashlama kanalidan suv oladi. Uzunligi 117 kilometr bo`lgan kanal 236 ming gektardan ziyod maydonga obihayot beradi. Shu bois qishloq xo`jaligi ekinlarini uzluksiz sug`orish maqsadida avval aylanma kanal qazildi. So`ng «Do`stlik» kanalining suvi to`xtatilib, qoldiq suvlar nasos yordamida chiqarib tashlandi.
Betonlash ishlariga eng malakali muhandis va quruvchilar, zamonaviy texnikalar jalb etildi. Dastlab kanal tubi metall konstruksiyalar bilan mustahkamlandi. Shag`al to`kilib, beton yotqizildi. Filtrasiyani kamaytirish uchun plitalar orasiga eni bir metrlik geomembrana qo`llanildi. Eni 50, chuqurligi 8 metr bo`lgan kanalning shahardan o`tadigan qismi tubdan qayta ta`mirlandi.
Kanal ostidan uzunligi 115 metr bo`lgan ikki qatorli dyuker qurildi. 261 kilometrlik ochiq kollektor-drenaj tarmog`i qayta tiklandi. Yangi yopiq drenajlar, meliorativ nasos stansiyalari barpo etildi.
Bundan tashqari, kollektorlarda suv turib qolishining oldini olish maqsadida chuqur dyukerlar qurildi. Drenaj tarmog`idagi suvlarni temir va avtomobil yo`llari ostidan olib o`tish uchun ularga ta`sir o`tkazmagan holda, murakkab texnologiya asosida quvurlar tortildi. 230 metr uzunlikdagi metall quvurlar montaj qilindi va 3 suv o`tkazish nazorat quduqlari qurildi.
Bunday tizimli ishlar samarasida shahardagi er osti suvi sathini 1,5 metrgacha pasaytirishga erishildi. 2015 yilning mart oyida er osti suvlari sathi o`rtacha 0,9-1,2 metrni tashkil etgan bo`lsa, bugungi kunda bu ko`rsatkich 1,7-2,5 metrgacha pasaygan.





