14 sentyabr kuni Pokiston Bosh Vaziri Imron Xon jinsiy zo`ravonlikni amalga oshirganlarni omma oldida osish yoki kimyoviy yo`l bilan axta qilish taklifini bergandi.
Tarjuman.uz bergan xabarga ko`ra, shundan bir kun o`tib 15 sentyabr kuni Pokistondagi qonun bo`yicha ekspertlar va inson huquqlarini himoya qilish faollari bunga qarshi ekanliklarini bildirib, hukumat vakillari mamlakatdagi o`sib borayotgan jinsiy zo`ravonlikni to`xtatish uchun bunday jazo berishning o`rniga sud tizimini kuchaytirish borasida ish olib borishlari kerakligini ta`kidlashdi.
O`tgan haftada Panjob viloyatida bir ayol ommaviy tarzda jinsiy zo`ravonlikka uchradi. Shundan keyin butun mamlakat bo`ylab namoyishlar boshlandi. Pokiston rahbari mazkur holatdan so`ng jinsiy zo`ravonlarga qarshi qattiqroq jazo qo`llashni taklif qilgandi.
Lekin, huquqshunoslarning so`zlariga ko`ra, jinoyatga jazo berishga e`tibor qaratish asl muammodan chalg`ish hisoblanadi.
“Kimyoviy axta qilish ruxsat etilgan ko`plab mamlakatlarda bu jazo faqatgina bolalarni jinsiy zo`rlashda ayblanganlarga beriladi va bu shifokorlar hamda psixologlar bilan maslahatlashgan holda amalga oshiriladi. Bu jazo ko`pincha jinoyatchilarning xohishiga ko`ra va ularning muddatidan oldin ozodlikka chiqish sharti bilan beriladi.Uning maqsadi jinoyatchini hayotga qaytarish va uning jinsiy zo`ravonlikni qayta amalga oshirmasligini ta`minlash hisoblanadi. Axta qilish Bosh Vazir taklif qilganidek barcha turdagi jinsiy zo`ravonlikni amalga oshirganlar uchun emas” deydi Janubiy Osiyo xalqaro huquqshunoslar komissiyasining huquqiy maslahatchisi Rima Omer.
Pokistonda jinsiy zo`ravonlik og`ir jinoyat hisoblanadi. Unga beriladigan jazolar kamida 10 yillik qamoqdan boshlanib, o`lim jazosida tugaydi. Bu mamlakatda jinsiy zo`ravonlikning rasmiy raqamlari berilmasada, ekspertlar bu jinoyat yiliga bir necha minglab amalga oshirilishini ta`kidlaydilar.
Agar Pokiston kimyoviy yo`l bilan axta qilishni qonuniylashtirsa, u bunday jazoni qo`llovchi dunyodagi juda oz mamlakatlar qatoriga qo`shiladi. Hozirda bunday jazo Indoneziya, Polsha, Rossiya va AQShning bir necha shtatlarida qo`llaniladi. 2011 yilda Janubiy Koreya jinsiy zo`ravonlik uchun kimyoviy axta qilish jazosi beriladigan Osiyodagi ilk mamlakatga aylangandi.






