AsosiyShou-biznes

Akbar Bekturdiev 1,6 milliardli filmi va sinovdan o`ta olmagan aktrisalar haqida

“O`zbekkino” Milliy agentligi tomonidan 1,6 milliard so`m mablag` ajratilgan yosh va iste`dodli rejissyor Akbar Bekturdievning “Oyqiz ertagi” filmining suratga olish ishlari yakunlanib, ayni damda montaj jarayonida. Bugun barchani qiziqtirgan mazkur film haqida batafsil ma`lumot olish maqsadida Akbar Bekturdiev bilan bog`landik.

—Ma`lumotlarga ko`ra suratga olayotgan filmingizga 1,6 mlrd so`m mablag` ajratilgan ekan. Bu mablag` nimalarga sarf qilindi?

—Har bir aktyorning liboslariga katta mablag` ketdi, 10 ga yaqin dekorasiyalar qurildi. Kompyuter grafikalari yaratildi. Xivaning o`zida 50-60 aktyorlarni bir oy yotib turishi, ovaqtlanishi ta`minlandi.

Horijiy filmlarning nomiyoq e`tiborni tortadi. Mazkur filmning nomi “Oyqiz ertagi” uni bolalarga bag`ishlanganga o`xshab qolgan.  Jiddiyroq nom o`ylab topish maqsadga muvofiqmasmidi?

—Filmning boshidan to ohirigacha ertak aytib beradigan bosh qahramonning ismi Oyqiz bo`lganligi bois shu nomni berdik. Filmning ikkinchi nomi “Cho`l malikasi” edi. Rus tiliga tarjima qilinganida “Prinsessa Pustini” deb tarjima qilinishini ham o`ylab shu nomda to`xtadim.

—Xivada suratga olish jarayoni necha kun davom etdi?

—Xivaning Ichan Qal`asida 25 kun, qolgan sahnalari esa yozning eng jazirama kunlarida cho`lda suratga oldik.

Filmda murakkab jang sahnalarini ko`rdik, mazkur sahnalarni kaskadyorlar ijro qilishdimi?

—Alohida kaskadyor guruhimiz ham bor edi. Ammo Yigitali Mamajonov o`zining jang sahnalarini o`zi kaskadyorsiz bajardi. Yulduz Rajabovaga ham qoyil qolish kerak, u ancha jonbozlik ko`rsatdi. Aktyorlarimiz kino suratga olish ishlari boshlanishidan avval otda sahna ko`rinishlari, qilich bilan jang sahnalarini mashq qilgan edi.

—Tarixiy  liboslar uchun juda ko`p mablag` sarflandi dedingiz, ular har bir aktyor uchun alohida tikildimi?

—Har bir aktyorning kiyimlari va qurollari alohida tayyorlandi.

—Film olish jarayonida eng ko`p muammo nimada bo`ldi?

—Bir kunda 3 ta epizod olish kerak bo`ldi. “O`zbekkino”ning filmni suratga olishga belgilab berilgan muddati tugashi kerak bo`ldi. Bu filmda jang sahnalari, qilich sahnalari bo`lganligi sababli bir kunda belgilangan rejada 3 ta epizod olishimiz kerak bo`lsa, biz bitta ham ololmagan vaqtimiz bo`ldi. Bir kunda yarimta epizod olishimizga to`g`ri kelgani uchun vaqtimiz ko`p ketib qoldi.

—Film qanchalik kassabop bo`lishi mumkin deb o`ylayapsiz?

—Mazkur film “O`zbekkino” milliy agentligining buyurtmasiga binoan suratga olinayotganligi sababli premera vaqtini ham, u bilan bog`liq boshqa masalalarini ham ular belgilaydi. Men filmni faqatgina tomoshabinlar uchun suratga oldim. Qancha ko`p tomoshabinlar ko`rsa men uchun shuncha yaxshi.

—Filmning montaj jarayoniga qancha vaqt ketdi?

—Jarayon aslida 2014 yil iyun oylarida boshlangan, ammo ayrim muammolar sababli bu jarayon ancha vaqt to`xtab turdi.

—Aktyorlarni qaysi jihatlariga qarab tanlab oldinggiz?

—Filmdagi barcha aktyorlar sinovlardan so`ng tanlab olindi.

—Sinovdan o`ta olmagan aktyorlar ham bo`ldimi?

—Ha albatta, sinovdan ayrim juda mashhur aktrisalar ham o`ta olmadi. Tanlovimizni Yulduz Rajabovada to`xtatdik.

Qaysi aktrisalar sinovda qatnashdi?

—Bu haqda to`xtalishni istamayman.     

    Boshqa yangiliklar