Qo`shtepa tumanida 22 sentyabr kuni M.A. IIBga murojaat qilib, tumandagi “Avtomaktab” xodimi Alisher” (ismi o`zgartirilgan) ismli shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rilishini so`ragan. Bu haqda Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati ma`lum qildi.
Murojaatda aytilishicha, Alisher “S” toifasidagi haydovchilik guvohnomasini tezlashtirib olib berish evaziga M.A dan avtomaktabga 1.500.000 so`m hamda YHXBda ishlovchi rahbarlar orqali ishni hal etish uchun esa 100 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan.
Fuqaro M.A.ning arizasi asosida, shu kuni O`zbekiston Respublikasi IIV O`XB Farg`ona viloyati bo`yicha bo`limi hamda viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor-tadbir o`tkazilgan. Tadbirda “Alisher” M.A.dan 1.500.000 so`m va 100 AQSh dollari olgan vaqtida ushlanib, undan pullar xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida olindi.
O`rganish davomida, “Alisher” ismli shaxs “Vodiy avto innovasion maktab” o`qituvchisi lavozimida ishlashi aniqlandi.
Shuningdek, uning xizmat xonasi ko`zdan kechirilganda, 100 dan ziyod kollej o`quvchilarining ism-shariflari shtrix orqali o`zgartirilgan holdagi diplom va ilova nusxalari, boshqa hujjatlar mavjudligi aniqlanib, kelgusida tekshirib ko`rishlik uchun olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan IIV O`XB Farg`ona viloyati bo`yicha bo`limi xodimlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.