AsosiyDunyo

Ozarbayjon Qorabog`da Armanistonning ikki mingdan ortiq askarlari o`ldirilgani va yaralanganini ma`lum qildi. Erevan bu Bokuning bir kunlik yo`qotishlari deb javob qaytardi

'Ozarbayjon Qorabog`da Armanistonning ikki mingdan ortiq askarlari o`ldirilgani va yaralanganini ma`lum qildi. Erevan bu Bokuning bir kunlik yo`qotishlari deb javob qaytardi'ning rasmi

Tog`li Qorabog`da harbiy nizo qaytadan boshlanganidan buyon Armaniston yaralangan va o`ldirilgan 2300 nafargacha harbiyni yo`qotdi.  Bu haqda 30 sentyabr kuni Ozarbayjon mudofaa vazirligi ma`lum qilgan, deya xabar berdi daryo.uz Meduza’ ga tayanib.

Vazirlik, shuningdek, Armanistonning 130 ga yaqin tanklari va boshqa zirhli transport vositalari, 200 dan ortiq artilleriya moslamalari, 25 ga yaqin havo hujumidan mudofaa tizimlari, oltita qo`mondonlik punktlari va beshta o`q-dorilar ombori yo`q qilinganini ta`kidlagan.

Armaniston tomon bu ma`lumotni tasdiqlamagan. Armaniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan Facebook’dagi sahifasida «Ozarbayjon harbiylari o`zlarining so`nggi 24 soat ichida yo`qotishlarini armanlarning yoqotishlariga qo`shib hisoblagan», —  deb yozgan.

Tan olinmagan Tog`li Qorabog` respublikasining ma`lum qilishicha, jangda Armaniston tomonidan 81 kishi halok bo`lgan, 120 nafar askar yaralangan.

Erevan ma`lumotlariga ko`ra, jangovar harakatlar boshlangandan buyon Bokuning 790 nafar harbiy xizmatchisi halok bo`lgan, 1,9 ming nafari yaralangan. Shuningdek, Ozarbayjonning 137 ta tank, 72 ta dron, ettita vertolyot va bitta An-2 samolyoti yo`q qilingan.

Ozarbayjon tomon o`zining yo`qotishlar haqida ma`lumot bermagan.

Tog`li Qorabog`da Ozarbayjon va Armaniston o`rtasida harbiy nizo 27 sentyabr kuni qaytadan boshlandi. Har ikki tomon ham bir-birini ig`vogarona xatti-harakatlar va vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda. Mojaro keskinlashgani tufayli har ikkala mamlakatda harbiy holat e`lon qilingan.

Afg`oniston Tog`li Qorabog` mojarosida Ozarbayjonni qo`llab-quvvatladi. Turkiya ham Ozarbayjonni jang maydonida qo`llab-quvvatlashga va`da berdi. Erdo`g`on 27 sentyabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievga qo`ng`iroq qilib, Turkiya har doimgidek bugun ham Ozarbayjonning yonida ekanini aytgan, shuningdek, «Ozarbayjonga hujum qilgan» Armanistonni qoralab, uni bosib olingan hududlarni tark etishga chaqirgan. Armaniston bosh vaziri jahon hamjamiyatidan Turkiyaning Qorabog` ishiga aralashuviga yo`l qo`ymaslikni so`radi.

28 sentyabr kuni Armaniston Turkiyaning F-16 qiruvchisi uning Su-25 samolyotini urib tushirganini ma`lum qildi. Turkiya esa buni rad etmoqda.

    Boshqa yangiliklar