AsosiySalomatlik

Koronovirus alomatlarini endi sezayotgan bemor qaysi laborator diagnostika usulidan o`tishi kerak?

'Koronovirus alomatlarini endi sezayotgan bemor qaysi laborator diagnostika usulidan o`tishi kerak?'ning rasmi

Ushbu savolga Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Barno Abdusamatova javob berdi:

— Koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o`tish uchun avvalo shifokor ko`rigidan o`tish kerak. Shifokor ko`rigidan o`tgan kishida kasallik alomatlari bo`lsa va epidemiologik ko`rsatma berilsa, uni koronavirusda gumon qilib tekshirish mumkin.

 PZR — Polimeraza zanjir reaksiya. Bunda yuqori nafas yo`llari shilliq qavatidan olingan namunada koronavirusning genetik materiali (RNK) bor yoki yo`qligi aniqlanadi. Namuna olish nisbatan tez va og`riqsiz kechadi.

Bu analiz kasallikning inkubasion (yashirin) davrida ham ijobiy natija olish va barvaqt tashxis qo`yish imkonini beradi. Virus organizmga kirganiga 5-7 kun bo`lgandan boshlab musbat natija olish mumkin. JSST bu usulni COVID-19 diagnostikasining asosiy usuli sifatida tavsiya qilgan.

Antitela ekspress test — bu usul COVID-19 kasalligining kechish darajasini aniqlab beruvchi qo`shimcha tekshiruv usuli hisoblanadi. Bunda bemordan olingan qon namunasida koronavirusga qarshi organizmda ishlab chiqarilgan antitanachalar, ya`ni IgM yoki IgG immunoglobulinlari mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash mumkin.  

Immunoglobulinlar — oqsil tabiatli moddalar bo`lib, gumoral immunitetning viruslarga javob reaksiyasi natijasida hosil bo`ladi: IgM miqdori qonda kasallikning erta davrida ortadi.  

IgG miqdori esa qonda biroz kechroq namoyon bo`ladi. IgG mavjudligi bizga COVID-19ga qarshi immunitet bor yoki yo`qligini ham aniqlab beradi.  

 Xulosa qiladigan bo`lsak, ekspress testlar orqali kasallikning inkubasion davrini aniqlab bo`lmaydi. PZR usulida esa virusga nisbatan organizmda immunitet bor yoki yo`qligini aniqlab bo`lmaydi. Kasallik belgilari mavjud bo`lgan bemorlar uchun har ikki usul ham samarali.

    Boshqa yangiliklar