Angliyalik ekspertlarning ogohlantirishicha, koronavirusga qarshi vaksina yaratilishining o`zigina hozrigi pandemiyani to`xtatmaydi. Bu haqda tarjumon.uz xabar berdi.
Shuning uchun vaksina tayyor bo`lganidan keyin ham bir qancha ehtiyot choralari ma`lum muddat saqlanib qolinishi zarur bo`ladi, degan ekspetrlar.
Angliyadagi “Axborotlarni baholash va virusli epidemiyalarni o`rganish tashkiloti”ning 1 oktyabr kuni nashr qilingan xabarida koronavirusga qarshi yaratilayotgan ilk vaksinalar qismangina samarali bo`lishi mumkinligi, vaksina barcha uchun bir xil foyda bermasligi va ular COVID-19 ga qarshi qisqa muddatli immunitet hosil qilishi ehtimoli borligini ta`kidlashdi. Shuningdek, vaksina ishlab chiqarish, uni etkazib berish va uni odamlar rozi bo`lib qabul qilishda ham muammolar yuzaga kelishi aytib o`tilgan.
Londondagi Qirollik kolleji xodimasi doktor Fiona Kulleyning so`zlariga ko`ra, ko`pchilik insonlar vaksina koronavirus pandeyasini tugatadi deb o`ylayotgan bo`lsada, bu umidlar haqiqatda amalga oshishi ehtimoldan yiroq.
“Vaksina yaratish yo`lida vujudga kelishi mumkin bo`lgan bir talay to`siqlar bor. Ular vaksinaning samarali bo`lishi va uni ommaga taqdim qilish kabilardir” deydi Kulley.
Bugungi kunga kelib dunyodagi olimlar vaksina yaratish yo`lida xalqaro hamkorlik qilib, juda qisqa muddat ichida katta rivojlanishga erishdilar. Ayni paytda jahonda 200 dan ortiq vaksina yaratilmoqda va ularning bir nechtasi sinovlarning oxirgi bosqichiga etib keldi.
Angliyalik olimlarning maslahatlariga ko`ra, vaksinalar tayyor bo`lganida ularning uzoq muddatli samaradorligi, xavfsizligi va barchaga etkazib berilishi qat`iy nazoratga olinishi kerak. Shuningdek, vaksinalarning ikkinchi avlodini yaratish uchun moliyaviy ko`mak saqlanib qolishi zarur.
Ekspertlar vaksina yaratish bilan birga koronavirusning mutasiyaga uchrashini, ya`ni uning geni o`zgarishini ham yaqindan kuzatib borish kerakligini ta`kidlashgan. Chunki, yaratilgan vaksinalar geni o`zgargan koronavirusga qarshi samarasiz bo`lib qolishi mumkin.






