Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida O`zbekiston futbol federasiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatovga Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni hamda Prezidentimiz sovg`asi – “Malibu” avtomobilini topshirishga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.
2003 yildan buyon FIFA tasnifidagi musobaqalarni boshqarib kelayotgan Ravshan Ermatov futbol bo`yicha deyarli barcha nufuzli turnirlarda hakamlik qilmoqda. O`zbek o`g`loni 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014 yillarda besh marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb e`tirof etildi. Xalqaro futbol uyushmalari federasiyasi uni 2011 yilda “Jahonning eng yaxshi hakami” sifatida tan oldi. Mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni yuqori saviyada boshqarib kelayotgan R.Ermatov 2013 yil yakunlari bo`yicha ham dunyoning eng kuchli hakamlari reytingining yuqori pog`onalaridan joy olgan.
Ravshan Ermatovning 2010 yili Janubiy Afrika Respublikasi va 2014 yili Braziliyada o`tkazilgan futbol bo`yicha jahon chempionatlarida ketma-ket ishtirok etishi O`zbekiston sportining ulkan yutug`i bo`ldi. 2010 yilgi chempionatning ochilish marosimi va yana to`rtta uchrashuvni a`lo darajada boshqarib, dunyoga O`zbekiston sportchilarining salohiyati va qudratini namoyon eta olgan o`zbek hakami Braziliyadagi mundialda jami to`rtta uchrashuvni muvaffaqiyatli boshqardi. R.Ermatov hakamlik faoliyati davomida jahon chempionatlari final bosqichida eng ko`p – 9 uchrashuv boshqarib, dunyo rekordini o`rnatdi. Bu bilan o`zbek sportchilari ham dunyoda hech kimdan kam emasligini amalda yana bir karra isbotladi.
Ravshan Ermatov Prezidentimiz Islom Karimov farmonlariga muvofiq 2010 yili “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2014 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Mashhur futbol hakami Ravshan Ermatov yaqinda futbol olamining nufuzli mukofotlaridan biri – “Globe Soccer Awards – 2015” sovrinini qo`lga kiritdi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida tashkil etilgan marosimda “Globe Soccer Awards – 2015”ning turli nominasiyalar bo`yicha g`oliblari taqdirlandi. Mukofotning “Eng yaxshi hakam” yo`nalishida Ravshan Ermatov bilan bir qatorda Juneyt Chaqir, Vilmar Roldan, Xoel Agilar, Bakari Gassama va Norbert Xauata singari dunyoning eng tajribali referilari ham da`vogarlik qilgandi. Nufuzli hay`at a`zolari sovringa o`zbek o`g`lonini munosib, deb topdi.
Davlatimiz rahbarining 2015 yil 31 dekabrdagi farmoniga muvofiq mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, xalqaro maydonda o`zbek futboli nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari hamda yosh avlodni ona-Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlariga qo`shgan munosib hissasi uchun R.Ermatov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini va Prezidentimiz sovg`asi – “Malibu” avtomobili kalitini R.Ermatovga O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoev tantanali ravishda topshirdi.





