2 oktyabr kuni Namangan viloyati Yangiqo`rg`on tumanini «Qizil hudud»dan chiqarish bo`yicha Xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva ham ishtirok etdi.
Tanqidiy ruhda o`tgan yig`ilishda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimiga ko`ra qoniqarsiz deb topilgan 33ta tuman qatorida Yangiqo`rg`on tumani ham borligi va tumanni bu ro`yxatdan chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir so`ngida Tanzila Norboeva jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Kun.uz muxbiri Senat rahbarining Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo`ldoshevaga nisbatan tergov jarayoni va unga tanlangan ehtiyot chorasi bo`yicha fikri bilan qiziqdi.
«Bu juda ham og`ir masala. Og`ir jinoyat qilganlar ham chetga chiqib ketmaslik sharti bilan uyda saqlanadi, bolasining oldida, oilasida bo`ladi. Shu nuqtayi nazardan, uning jinoyati qanchalik og`ir yoki og`ir emasligiga hozir baho bera olmayman, lekin ayol kishi, kichkina bolasi borligini e`tiborga olib, hozircha qamoqqa olmaslik ham mumkin edi, qachonki sud qaror chiqarmagunicha», – dedi Norboeva.
Avvalroq Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi Batir Matmuratov Bosh prokuratura rasmiylariga Guljahon Yo`ldoshevaga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasini garov, shaxsiy kafillik yoki uy qamog`i tarzidagi, qamoq bilan bog`liq bo`lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o`zgartirishni tavsiya qilgani ma`lum bo`lgandi.
Eslatib o`tamiz, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo`ldosheva koronavirusga chalingan bemorlarni davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag`batlantirilmayotgani, og`ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan.
Keyinroq bu masalada viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi boshlig`i To`raqul Arziqulov o`z munosabatini bildirib, Chirchiqdagi shifoxona COVID-19 bemorlarini davolashga ixtisoslashmagani, G.Yo`ldosheva asossiz ma`lumotlar tarqatayotganini aytadi.
8 sentyabr kuni Guljahon Yo`ldosheva hibsga olingani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura bu holatga munosabat bildirib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko`p miqdorda o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam o`limiga sabab bo`ladigan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgani va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma`lum qildi.
Sudning ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to`g`risidagi ajrimi ustidan kiritilgan apellyasiya shikoyati JIB Toshkent viloyat sudi tomonidan ko`rib chiqilib, ayblanuvchiga nisbatan qo`llangan qamoqda saqlash bilan bog`liq ehtiyot chorasi o`zgarishsiz qoldirildi.
Ayni paytda Yo`ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov u aybsizligini aytib, tergov noxolis olib borilayotganini ta`kidlamoqda.






