AsosiyDunyo

Saudiya hukumati to`rt kun ichida yuz mingdan ortiq kishiga Umrani ado etishga ruxsat berdi

'Saudiya hukumati to`rt kun ichida yuz mingdan ortiq kishiga Umrani ado etishga ruxsat berdi'ning rasmi

Saudiya Haj va Umra vazirligining bergan rasmiy statistikasiga ko`ra, 27 sentyabr va 1 oktyabr kunlari oralig`ida “Eatmarna” mobil ilovasi orqali 108 041 nafar musulmonga Umra ibodatini amalga oshirishga ruxsat berildi. Bu  haqda tarjumon.uz xabar berdi.

Ushbu ruxsatni qo`lga kiritganlarning 42 873 nafari saudiyaliklar bo`lsa, qolgan 65 168 nafari xorijlik musulmonlardir.

Saudiya hukumati hozirgi pandemiya sharoitida Umra ibodatiga qatnashmoqchi bo`lganlarni onlayn ro`yxatga olish uchun “Eatmarna” deb nomlangan maxsus mobil ilova ishlab chiqdi. Ushbu ilova ishga tushirilganining birinchi soatida 16 mingdan ortiq odam Umra uchun ro`yxatdan o`tgan.

Shuningdek, statistikalardan ma`lum bo`lishicha, hozirgacha Umrani ado qilmoqchi bo`lganlar orasida 51 yoshdan 60 yoshgacha bo`lganlar 8 foizni, 41 yoshdan 50 yoshgacha bo`lganlar 14 foizni, 20 yoshdan 30 yoshgacha bo`lganlar 17 foizni, 31 yoshdan 40 yoshgacha bo`lganlar 26 foizni va 60 yoshdan oshganlar 35 foizni tashkil qilmoqda.

Ikki muqaddas masjid (Makkadagi Xaram va Madinadagi Masjidul Nabaviy) ishlari bo`yicha Bosh Tashkilotning Arabnews ga bergan xabarida aytilishicha, hozirgi pandemiya sharoitida Umra ibodati davomida Xaramdagi odamlarning harakatini tashkillashtirish bo`yicha bir nechta variantlar qabul qilingan. Variantlarning birinchisida, musulmonlar Umra amallarini Xaram masjidining tashqarisidan ichkarisga qarab aylana shaklida ado etishlari va ularning 50 talik kichik guruhlarga bo`linishi belgilab qo`yilgan.

Eslatib o`tamiz, koronavirus tufayli Umra mart oyida to`xtatilgandi. Sentyabr oyining oxirida Saudiya hukumati ushbu ibodatga bosqichma-bosqich ruxsat berilishini ma`lum qilgan. Unga ko`ra, 4 oktyabdan boshlab Saudiya fuqarolari va ayni paytda bu mamlakatda yashayotgan musulmonlarning Umrani ado qilishlari mumkin bo`ladi.

 

    Boshqa yangiliklar