“Kondensat ishi” da ayblanayotgan qashqadaryoliklar DXX xibsxonasida qiynoqqa solinganini aytdi” sarlavhali maqola yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati bayonot berdi.
Aniqlanishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 2019 yilning 14 noyabr kuni o`tkazilgan tezkor tadbirda Muborak tumani hududida “KAMAZ-5410” rusumli va “Sinotruk Hohan” rusumli yuk avtomashinalarida olib ketilayotgan “Muborak neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasining quvuridan o`g`irlangan 77 mln. so`mlik, 67 tonna neft mahsulotlari ushlanib, viloyat prokuraturasi tomonidan 19.11.2019 yilda JKning 169-moddasi 3-qismi “v”, “g” bandlari va 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Viloyat prokuraturasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlaridan iborat tergov guruhi tomonidan o`tkazilgan dastlabki tergovda N.Normurodov Muborak tuman IIB boshlig`ining 1-o`rinbosari M.Saidmurodov va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari rahnamoligida muntazam ravishda “Muborak neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasiga qarashli quvurlarni teshish yo`li bilan gaz kondensat va neft xom ashyosini o`g`irlik yo`li bilan talon-toroj qilish bilan shug`ullanib keluvchi Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida yashovchi fuqarolardan iborat uyushgan guruh tashkil etib, 2019 yilda 6 ta holatda jami 240,1 tonna gaz kondensat va neft xom-ashyosini o`g`irlik yo`li bilan yashirin ravishda talon-toroj qilishganligi aniqlangan.
Tergovda uyushgan jinoiy guruhning 31 nafar a`zosiga JKning 169-moddasi 4-qismi “a”, “v” bandlari va boshqa moddalari bilan ayblov e`lon qilinib, 10 nafariga qamoq, qolganlariga qamoq bilan bog`liq bo`lmagan ehtiyot choralari qo`llanilgan. “Jinoyat ishini yuritish chog`ida qamoqda saqlash to`g`risida”gi qonunning 8-moddasida qamoqqa olinganlar Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov hibsxonalarida saqlanishi ko`rsatilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida uyushgan guruh faoliyatida ichki ishlar organlari xodimlari ishtiroki aniqlanganligi, tergovning xolisona o`tkazilishi, tergov sirining fosh etilishini oldini olish maqsadida qamoq ehtiyot chorasi qo`llanilgan ayblanuvchilar Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tergov hibsxonasida saqlangan.
Prokuratura bayonotida ta`kidlanishicha, tergovda ayblanuvchilarning himoya huquqi ta`minlanib, ular bilan bog`liq barcha tergov harakatlari himoyachilari ishtirokida JPKning 91-moddasiga asosan videoyozuv vositalaridan foydalangan holda o`tkazilgan bo`lib, ayblanuvchilarga 24 marotaba himoyachilari bilan holi uchrashishlari, o`rnatilgan tartibda 8 marotaba yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari va 7 marotaba telefon orqali so`zlashishlari ta`minlanib, har 3 kunda tibbiy ko`rikdan o`tkazib borilgan. Shuningdek, tergov organi tomonidan JPKning 142-moddasiga asosan qamoqda saqlangan ayblanuvchilar bilan himoyachilari ishtirokida guvohlantirish tergov harakati o`tkazib borilib, ularda tan jarohatlari aniqlanmagan.
DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tergov hibsxonasida videkuzatuv vositalari o`rnatilgan bo`lib, qamoqqa olingan ayblanuvchilarga nisbatan tergov hibsxonasida jismoniy yoki ruhiy tazyiq o`tkazilmagan.
Hozirda jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Qashqadaryo viloyat sudida ko`rib chiqilmoqda. Ayblanuvchilarning ularga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o`tkazilganligi haqidagi vajlariga sud tomonidan ham huquqiy baho beriladi, deyiladi mazkur bayonotda.