AsosiyJamiyat

Senat Raisi “qoniqarsiz” deb baholangan Baliqchi tuman sessiyasida ishtirok etdi

'Senat Raisi “qoniqarsiz” deb baholangan Baliqchi tuman sessiyasida ishtirok etdi'ning rasmi

Xalq deputatlari Baliqchi tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo`lib o`tdi. Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva ishtirok etdi va nutq so`zladi, deya xabar bermoqda Senat Axborot xizmati.   

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi qaroriga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi.

Davlatimiz rahbari raisligida 2020 yil 24 sentyabr kuni bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va tadbirkorlikka keng yo`l ochib berish orqali aholi turmush darajasini oshirish borasidagi ishlar tanqidiy muhokama etildi. Respublika bo`yicha o`tkazilgan reyting ko`rsatkichlarida Baliqchi tumani “qoniqarsiz” deb baholangandi.

Sessiyada Baliqchi tuman hokimi, shuningdek, sektorlar rahbarlarining hisoboti eshitildi.

Tumanda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari hajmi 1 mln. 477 ming so`mni tashkil etib, viloyat ko`rsatkichidan 1,2 marta kam, chakana savdo hajmi esa viloyat bo`yicha 13-o`rinda. Aholi jon boshiga eksport hajmi 69 AQSh dollarini tashkil etib, tumanlar orasida 15-o`ringa tushib qolgan. Sanoat mahsulotlarining eksportdagi ulushi bor-yo`g`i 9 foizdir.

Vaqtincha ishlash uchun xorijga ketganlar iqtisodiy faol aholining umumiy sonidagi ulushi 26,4 foizga etgan. Faoliyat ko`rsatayotgan sub`ektlar tarkibida 3 yildan ortiq faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlik sub`ektlarining ulushi 58 foiz. Bundan ko`rinib turibdiki, tashkil etilayotgan tadbirkorlik sub`ektlarining 42 foizi 1-2 yilda yopilib ketmoqda. Ularning faoliyatiga ko`maklashish borasida davlat idoralari tomonidan tegishli choralar ko`rilmayapti.

Qolaversa, ro`yxatdan o`tgan tadbirkorlik sub`ektlarining 62,8 foizi 2020 yilning o`tgan davri mobaynida umuman faoliyat yuritmagan. Shuningdek, joriy yilning o`tgan davrida 286 ta tadbirkorlik sub`ekti yangi tashkil etilgan bo`lsa, 228 tasi o`z faoliyatini tugatgan.

Senat Raisi o`z nutqida bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – iqtisodiy taraqqiyotning lokomotivi bo`lib, aholini ish bilan ta`minlash va bu orqali ularning turmush darajasini oshirishning asosiy manbai hisoblanishini ta`kidlab, tumanda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar qoniqarli emasligini bildirdi. Yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha ishlab chiqilgan “yo`l xaritasi” loyihasini yana bir bor qayta ko`rib chiqish kerakligi, unga deputatlarning takliflarini kiritish zarurligini qayd etdi. Bundan tashqari, “yo`l xaritasi”da mavjud muammolarni hal etish bo`yicha muddatlar aniq belgilanmaganligi, tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlash yuzasidan hech qanday aniq chora-tadbirlar keltirilmaganligi to`g`risida so`z yuritdi. Shuningdek, xalq vakili sifatida hududidagi muammolarning hal etilishi, ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirishga to`siq bo`layotgan omillarning bartaraf etilishi borasida deputatlik nazoratini kuchaytirish kerakligiga urg`u berdi.

Sessiyada bildirilgan taklif va fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda “yo`l xaritasi”ni uch kun muddat ichida qayta ko`rib chiqish zarurligi ta`kidlandi.

Shuning bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaevaning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.

 

    Boshqa yangiliklar