AOKAda bo`lib o`tgan brifingda ishtirok etgan Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Barno Abdusamatova aholi tomonidan berilgan ushbu savolga quyidagicha javob berdi:
-- Imbir - zanjabil ilmiy tibbiyotda keng ishlatiladi. Zanjabilning juda ko`p foydali xususiyatlari bo`lganligi sababli nafaqat maza berish, balki davolovchi oziqa sifatida ham ishlatiladi.
Zanjabil ildizi tarkibida ko`plab: S, V1, V2 guruh vitaminlar, mineral moddalar: alyuminiy, kaliy, kalsiy, temir, marganes, fosfor, kapril, nikotin va linol kislotalari mavjud. Uning ta`sir qiluvchi moddalari shogaol va gingerol hisoblanadi.
Bu moddalar antioksidant, yallig`lanishga qarshi, o`smalarga qarshi, antimutagen va boshqa xususiyatlarga ega.
Eksperimental izlanishlar zanjabil ildizining spirtli ekstrakti pnevmoniya va boshqa yuqori nafas a`zolarining yallig`lanish kasalliklarida foyda berishini ko`rsatgan. Lekin uni ham me`yorida iste`mol qilish zarur, chunki u bolalarda, homiladorlarda allergiyani keltirib chiqarishi mumkin.
️Zanjabil koronovirus infeksiyasida asosiy dori vositalar bilan bir qatorda ishlatilishi mumkin, lekin bir o`zi monoterapiya sifatida yordam bermaydi, dedi mutaxassis.






