Rossiyadan O`zbekistonga qaytish istagida bo`lgan mamlakatimiz fuqarolarini vatanga qaytarish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda Transport vazirligi Axborot xizmati ma`lum qildi.
Avval xabar berilganidek, joriy yilning 23 sentyabr kuni 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiya Federasiyasining Qozog`iston bilan chegara oldi hududi Samara viloyatida to`planib qolgan fuqarolarimizni Vatanga olib kelish maqsadida Rossiyaga jo`natilgan edi. Rejaga muvofiq ushbu avtobuslar 27 sentyabr kuni 750 nafar fuqarolarimizni O`zbekistonga olib kelgan edi.
Transport vazirligi huzuridagi “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan 26 sentyabr kuni navbatdagi 15 ta avtobusdan iborat karvon Rossiya Federasiyasi hududidan mamlakatimiz fuqarolarini olib kelish maqsadida yo`lga chiqqan edi. Ayni damda ushbu avtobuslar Qozon shahridan 700 ga yaqin fuqarolarimizni olib qaytmoqda. Rejaga muvofiq avtobuslar karvoni ertaga O`zbekistonga kirib keladi.






