Bugun, 5 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasining videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasida bo`lib o`tdi. Unda “Raqobat to`g`risida”gi Qonunning “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports”, “O`zbekiston temir yo`llari” hamda “O`zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Majlisda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Raqobat to`g`risida”gi Qonun ijrosi holatiga e`tibor qaratildi.
Temir yo`l sohasida raqobatbardoshlikni oshirish va raqobat muhitini rivojlantirish holatiga salbiy ta`sir etuvchi bir qator omillar mavjudligi to`g`risida so`z yuritildi.
Qayd etilishicha, ichki bozorda raqobatning mavjud emasligi sababli “O`zbekiston temir yo`llari” AJ xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qo`llashdan manfaatdor emas.
“O`zbekiston temir yo`llari” AJda ixtisosli bo`lmagan aktivlarning mavjudligi temir yo`l sanoatini rivojlantirish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo`lgan katta hajmdagi moliyaviy mablag`larni jalb etish imkoniyatini cheklamoqda.
Shu bilan birga, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan bugungi kunda mijozlar uchun nihoyatda ko`p qulaylik yaratadigan raqamli mahsulotlarni qo`llash tizimi sust tashkil etilgan.
Yana bir jihat. O`zbekiston temir yo`llari” AJ inventar parkining eskirish darajasi yuqori bo`lib, vagonlar etishmaydi. Mavjud barcha vagonlarning 80 %dan ko`prog`ining yosh tarkibi 30 yildan ortiqni tashkil etadi.
Bundan tashqari, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tizimida raqobatni cheklashning turli shakllari qo`llanib kelinmoqda. Xususan, jamiyat faqat 4 ta ekspeditorlik tashkilotlari bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzgan. Boshqa ekspeditorlarning faqat ushbu tashkilotlar orqali faoliyat olib borishlari tashkil etilib, bu esa ishtirokchilarga tovar, moliya va xizmatlar bozorlarida tengsizlikni keltirib chiqarmoqda.
Aholiga xizmat ko`rsatish tizimida vokzallarga kirish tartibi haddan tashqari tartibga solinib, byurokratik tamoyillarning kuchaytirib yuborilganligi natijasida vokzallarning o`zini-o`zi ta`minlashi uchun imkoniyatlardan yuqori darajada foydalanish mumkin bo`lgan xalqaro tajribalar amalga qo`llanilmasdan kelinmoqda.
Bundan tashqari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tegishli boshqarmalari buyruqlari bilan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi xalqaro aeroportlar mazkur yo`nalishdagi xizmatlarni ko`rsatish bo`yicha tabiiy monopoliya sub`ekti sifatida davlat reestriga kiritilgan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining fuqaro aviasiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga asosan “O`zbekiston havo yo`llari” MAK direksiyasi negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Qolaversa, “O`zbekiston havo yo`llari” MAK tarkibiga kiradigan 14 ta davlat unitar korxonasini mas`uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilib “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan.
O`tkazilgan tahlillar jarayonida havo transporti sohasining ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshlik holatiga salbiy ta`sir etuvchi bir qator omillar aniqlangani majlisda qayd etildi. Jumladan, “Uzbekistan Airways” AJ mintaqaviy va xalqaro darajadagi parvozlarni amalga oshiruvchi yagona milliy kompaniya ekanligidan raqobat muhiti bo`lmagan sharoitda kompaniyaning faoliyat samaradorligini oshirishga qiziqishi mavjud emas.
2010 yildan buyon kompaniyaning parvozlar soni bor-yo`g`i 15% ga oshgan. Havo texnikasining kam miqdordaligi yangi yo`nalishlarni o`zlashtirish, parvozlar sonini ko`paytirish hamda kompaniya samaradorligini oshirish imkoniyatini cheklaydi.
Shu bilan birga, parvozlar sinflarini tanlashning murakkab tizimi, xarid qilinayotgan xizmatlarning muhim shartlari haqida iste`molchilarning axborotga ega bo`lishiga salbiy ta`sir etmoqda.
Qolaversa, “Uzbekistan Airways” AJ tizimida yuk tashishni rivojlantirish qo`shimcha daromad manbai sifatida ko`rib chiqilmagan. Ko`rsatilgan xizmatlar umumiy hajmida yuk tashish 0,03% ulushni tashkil etadi, bu esa jahon miqyosidagi 35% dan ancha past bo`lib, yuk tashish salohiyatidan etarlicha foydalanilmayotganini ko`rsatadi.
Shuningdek, aeroportlarning zamonaviy ixtisoslashgan uskunalar bilan etarli darajada jihozlanmaganligi samolyotlarni yuqori sifatli qabul qilish va texnik xizmat ko`rsatish darajasi pastligiga olib kelmoqda. Natijada aeroportlarning hamkor sifatida jozibadorligi pasaymoqda.
Ko`rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qo`mitasining tegishli qarori qabul qilindi.






