Joriy yilning 5 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Malibu" rusumli avtotransport vositasining zovurga tushib ketganligi holati aks etgan surat tarqaldi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, viloyat IIB YHXB tomonidan olib borilgan o`rganishlar davomida, hodisa 2020 yilning 5 oktyabr kuni soat 16:10 larda 4R-48 avtomobil yo`lining 69-kilometrida sodir bo`lganligi ma`lum bo`lgan.
Ushbu yo`lda harakatlanib kelayotgan "Malibu" haydovchisi boshqaruvni yo`qotib, yo`lning o`ng tarafidagi suv oqib o`tadigan zovurga tushib ketgan.
Natijada, avtomashina ichida bo`lgan haydovchi va 1 nafar yo`lovchi tan jarohati olib tibbiyot bo`limiga murojaat qilishgan.
Hozirda 2 nafar fuqaroning ham ahvoli yaxshi.
Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






