1

Oradan bir yil o`tdi. Ammo o`sha voqea xuddi kechagina sodir bo`lgandek ko`z o`ngimda gavdalanaveradi…

Mutolaa 06.10.2020, 14:05
Oradan bir yil o`tdi. Ammo o`sha voqea xuddi kechagina sodir bo`lgandek ko`z o`ngimda gavdalanaveradi…

Iyun oyi edi. Qishlog`imizda barcha yig`im-terim ishlari bilan ovora. Mahalladoshlar bir-birimiz bilan inoqmiz. Kimning yumushi bo`lsa, baravar yordamlashamiz. Bugun qo`shnimizning uyida hashar, boshqa bolalar qatori o`g`lim Ahror ham o`sha erda. U o`n uch yoshda bo`lishiga qaramay, uddaburon, epchil bola... Tili ham biyrongina, yoshu qari bilan so`zlashganda hech kim uni bola deb o`ylamaydi. Mahallada hamma uni maqtaydi. To`ng`ich farzandim Ahrordan keyin ikki qizim va emizikli o`g`lim bor.

                                                                                      * * *

– Aya, men keldim, hashar tugadi. Somonni tashib, og`ilxonaga yig`ib qo`ydik. Bolalar soyga ketishyapti, men ham borsam maylimi? – deb so`radi o`g`lim Ahror.

– Yo`q, uyda yuvinaver, – dedim men.

– Aya, badanimga xas-cho`p yopishgan, oqar suvda cho`milganim yaxshi-da. Amakimning o`g`li Rasul akam ham boryapti. Ko`p qolmayman, tez kelaman.

– Xo`p, o`rtoqlaring bilan boraqol, – dedi yuz-qo`lini yuvayotgan dadasi.

– Ruxsat bermang, dadasi, bormaydi. Ana, hammomni isitib qo`yganman, o`sha erda cho`miladi, – dedim norozi ohangda. O`g`lim qo`yarda-qo`ymay, dadasini ko`ndirib, ko`chaga otlandi. Darvozaga etganda biroz to`xtab qoldi va:

– Dada, siz ham yuring, birga boraylik, – dedi.

– O`zing boraver, yosh bola emassan-ku.

O`g`lim yugurib chiqib ketdi.Yuragim biroz notin ch­­­­­­­­lanib, ortidan qarab qoldim.

Qishlog`imizning past tarafidan  soy oqib o`tadi. Yozda uning atrofi odamlar bilan gavjum. Ayniqsa, tushlik mahali daladan qaytayotgan dehqonlar, poda boqayotgan bolalar bir sho`ng`ib olishadi. Soyning ayrim erlari sayoz, ba`zi joyi o`ta chuqur edi. Birda suv sokin bo`lsa, birda juda tez oqadi. O`ynoqi toshqinlarning qay vaqt jumbushga kelishini esa hech kim bilmaydi. Meni mana shu narsa xavotirga soladi. Har yili “Falonchining bolasi cho`kibdi”, degan sovuq xabar shamol tezligida tarqalardi. Shu sabab o`g`lim Ahrorni hech qachon soy yoqasiga yubormaganman.

                                                                                     * * *

— Mannon amaki, Mannon amaki...– hovlida Rasulning ovozi eshitildi. Idish-tovoqlarni yuvib turgandim, uning hayqirig`idan cho`chib ketdim.

– Nima gap, Rasul?

– Yanga, Ahror oqib ketdi!!! Men ulgurmadim, o`zi qo`yib yubordi, unga aytgandim.....

Rasul yana nimalardir dedi, ammo mening quloqlarim dong qotgan. Ortiq bir og`iz ham so`z eshitmay, ko`chaga yugurdim. Mannon akam ham yugurib, mendan o`zib ketdi. Ikkimiz ham hansiragancha chopdik. Nazarimda, yo`l har doimgidan-da olis tuyuldi. Go`yo o`n soatdan buyon yuguraman-u, manzilimga etolmayman. Axiyri uzoqdan suv ko`rindi. 

Erim o`zini suvga otdi. Men esa najot izlagan ko`zlarim bilan unga boqardim. Zum o`tmay, qo`shnilar ham etib kelishdi. Ularning ham farzandlari Ahrorjon bilan birga edi. Mening jigargo`shamdan boshqa hamma bola shu erda. Kelganlar ham suvga sho`ng`ishdi.

Rasulni chaqirib, nima bo`lganini qayta-qayta so`rashdi:

– Hammamiz cho`milayotgandik. Bir payt shiddat bilan katta suv ko`tarilib kelayotganiga ko`zim tushdi. Bor ovozim bilan baqirdim. Bolalar sohil tomon suzishdi. Ahror esa orqaroqda edi. Men uning yoniga borib, elkamdan mahkam ushlashini aytdim. Uni opichlab, suza boshladim. To`lqin bir zumda etib keldi. Qandaydir po`rtanaga ham o`xshardi. Orasida o`tlar, mayda tosh va qum aralash oqardi. Hidiyam badbo`y, xuddi balchiqnikidek. O`zim ham qo`rqib qoldim. Kuchli oqimga zo`rg`a bardosh berib suzdim. Sohilga etay deganimizda Ahrorning qo`li sirpanib ketdimi yoki o`zi qo`yib yubordimi, bilmadim. So`ng, suv uni oqizib ketdi. Baqirib chaqirdim, ammo u qaytib suv yuzida ko`rinmadi. Keyin uyga qarab yugurdim...

– Yon-atrofda hech kim yo`qmidi, yordam so`ramadingmi?

– Biroz uzoqroqda odamlar bor edi. Lekin men judayam qo`rqib ketgandim. Shuning uchun ular xayolimga kelmabti.

Rasulni ayblamayman, u o`g`limdan ikki yosh katta, xolos. Bolada, nima ham qilardi. O`g`lim hech qachon oqar suvda cho`milmagan, suzishni bilmasdi.

                                                                                     * * *

Sharq tomon qizarib, quyosh botmoqda. O`g`limdan esa darak yo`q. Hamma titragancha suvdan chiqib keldi. Men najot kutib iltijo bilan ularga boqib turardim. Qani endi birortasidan so`z chiqsa. Ularning ko`zlariga, og`ziga qaradim: hamma jim! Boshini quyi solgancha, aybdor odamdek yonimdan jim o`tib ketishardi. Ortda kelayotgan erimning ko`ksiga o`zimni otdim:

– Bolamni topib bering, qani mening bolam?! Hammasiga siz aybdorsiz, uni siz yubordingiz, birga bormadingiz...

Men o`zimni butkul yo`qotib qo`ydim. Yonimdagi ayollar meni tinchlantirishga urinardi. U kishida ayb yo`qligini qayta-qayta aytishardi. 

Oydin oy yog`dusida hamma uyga qaytdi. Faqat mening ketgim kelmasdi. Bolamning o`zini yolg`iz qoldirib ketolmayman-ku. U qorong`idan qo`rqadi... 

Qo`shni ayollar qo`llarimdan tutdi. Ularga ergashdim. Tuni bilan mijja qoqmadim. Oyoq-qo`lim bog`langandek his etdim o`zimni. Men issiq uydaman, bolam esa muzlagan suvda, men ko`rpachada o`tiribman, uning badaniga toshlar, shishalar botyapti. Qani endi tezroq tong otsa.

Shahardan g`avvoslarni chaqirtirdik. Ular asbob-uskunalari bilan etib kelishdi va tezda vazifasiga kirishdi. Ancha joygacha qidirib borishdi, biroq bir parcha mato ham topa olishmadi...

Hammaning og`zida shivir-shivir gap. Kimdir: “To`planib turgan suv, katta tezlikda oqqan, yo`lda uchragan narsani yig`ib po`rtanaga aylangan. Nahotki shunday xavfdan hech zot xabardor bo`lmagan bo`lsa. Kuzatuvchilar soy yoqalarida yashaydigan aholini ogohlantirmaydimi?!” desa, yana kimdir “Odamlar e`tiborsiz bo`lyapti. Bolalar tugul kattalar ham cho`kib ketadi-ku bu erda”, deyishadi. Men nima deyishni bilmay qoldim. Shu tobda faqat nuridiydamni ko`rsam bas, boshqasi ahamiyatsiz. 

                                                                                     * * *

Kech tushganda uyga qaytdim. Qalbimda hadik bilan uyga kirdim. Afsus,g`avvoslar bolamni topa olishmadi!..

Kechasi bir o`zim yana soy tomon yo`l oldim. Suvga etgach, sohil bo`ylab yugurib, telbalardek baqirdim:

– Ahror!!! Chiq suvdan. Seni Allohim suyib, o`z bag`riga olgan ekan, roziman, bolam, faqat suvdan chiq! Yuragim to`lib ketdi, bag`rim kuyib ketdi, chiq, bolam! Emizikli ukang bor, ikki kundan beri ko`kragimda sut yo`q, ukang och qolyapti, Ahror, chiq suvdan! Yo men oldingga boraymi, kutyapsanmi meni? Biror nima degin, jonim bolam, – ovozim sekinlashib, holsizlikdan cho`kkalab o`tirdim. Ko`zimdan duv-duv yosh tomib, pichirladim: – Yaxshi ko`rgan ovqatingni pishirib beraman, tug`ilgan kuningda yoqtirgan kompyuteringni sovg`a qilaman, futbol klubiga qatnamoqchi eding, ruxsat bermagandim. Chiq suvdan, bolam, o`sha klubingga boramiz. Xohlagan ishingni qil, indamayman. Soy suvida ham cho`mil, mayli, faqat chetrog`ida, sayoz joyda cho`mil... Suvdan chiq, Ahror, Ahror...

Qirg`oqda qancha o`tirganimni bilmayman. Etim sovuqdan junjikib, o`rnimdan turdim. Ortimga o`girilsam, Mannon akam ham cho`kkalab o`tirgan ekan. Ular ham elkalarini silkib-silkib yig`lardi. Yoniga borib o`tirdim. Elkasiga boshimni qo`yib, yana yig`ladim.

O`shanda e`tibor bermagan ekanman. Ikki kun ichida ozib, elkasi cho`kib qolgan ekan. Bor alamimni ulardan oldim, baqirdim, urishdim. U kishi esa miq etmadi. O`zini aybdor bilib, ich-etini ebdi. Tonggacha nursiz osmonga tikilib o`tirib ikkalamiz ham yig`ladik. 

Suv esa hech narsa bo`lmagandek jim, sokin oqardi.

Tongda butun mahalla odamlari yig`ilib kelishdi. Qo`llarida uzun arqon, bir-birining beliga bog`lab, shimlarini tepaga sidirib, suv kecha boshlashdi (Ularning oyoqlari suv tubidagi shishalardan tilinib ketgan, mayda zarrachalar tirnoqlarining orasiga qadalib, azob bersa ham indashmagan. Ancha uzoq joygacha qidirib borishdi. Ayollar qirg`oqda erlarini kuzatardi). G`avvoslar etib bormagan joylarni ham axtarishdi. Suvning chuqur tubiga sho`ng`ib, qum va loylarni tepib, qaytib chiqishardi. Tinkasi qurib, madorsizlanishsa-da qidiruvni to`xtatishmadi. 

(Oqibatli insonlarning boriga shukr!) 

Yon qo`shnimiz bilan tog`amning o`g`li yonma-yon yurardi. Suv ostiga ham birga sho`ng`ishardi. Navbatdagi sho`ng`ishdan so`ng tog`amning o`g`li baqirdi:

– Oyog`im nimagadir tegdi, yumshoq narsani tepib yubordim!..

Yo, Allohim, u nima deyapti, nimani tepib yubordi, qani tepgan narsasi?! Ichim to`la titroq bilan suvga qarab turardim. Ichimda yaratganga nola qildim: “Xudoyim, ortiq bardoshim etmaydi...” 

Suv yuziga ko`tarilib, nimadir paydo bo`ldi!

– Bu, Ahror!!! – deya barcha baqirib yubordi. Uni suvdan olib chiqishdi. Uch kun suv ostida qolgan bo`lsa ham biror joyi lat emagan yo tirnalmagan. Xuddi oppoq farishtadek uxlab yotardi...

Men farzandlarimga doim e`tiborli bo`lganman, ularni ko`z qorachig`imdek asraganman. Ammo birgina loqaydligim uchun katta tovon to`ladim!

Dildora FAYZIEVA oqqa ko`chirdi

MANBA: "DARAKChI" GAZETASI (№ 35 (1114) 01.10.2020)

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1