AsosiyJamiyat

Bir sutka davomida o`n ming va undan ortiq qadam yurgan kishining elektron hamyoniga 3 ming so`m o`tkaziladi — Prezident qarori loyihasi

'Bir sutka davomida o`n ming va undan ortiq qadam yurgan kishining elektron hamyoniga 3 ming so`m o`tkaziladi — Prezident qarori loyihasi'ning rasmi

O`zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot kotibi Otabek Eshmamatov jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan “Sog`lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Qarori loyihasi haqida ma`lumot berdi.

Qayd etilishicha, O`zbekistonda global pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanishga jalb etish orqali aholida kasallikka qarshi immun tizimini shakllantirish, kasallikdan keyingi davrda tiklash va reabilitasiya ishlarini tashkil etish hamda aholining sog`lom turmush tarzi garovi sifatida to`g`ri ovqatlanish targ`ibotini kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan “Sog`lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Qarori loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg`in muhokama qilinmoqda.

Qaror loyihasiga muvofiq, sog`lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishning asosiy yo`nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

birinchidan, har bir oila, mahalla, tuman (shahar), maktabgacha, umumiy o`rta, o`rta-maxsus, professional va oliy ta`lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug`ullanishga shart-sharoitlar yaratish;

ikkinchidan, ommaviy sportni rivojlantirish bo`yicha aholi orasida, xususan, o`quvchilar, talabalar, yoshlar, ayollar, keksalar o`rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o`tkazish;

uchinchidan, aholining turli guruhlarini sog`lom ovqatlanishga bo`lgan ehtiyojlarini qondirishni ta`minlaydigan shart-sharoitlar yaratish, jismoniy faollik hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilishni qisqartirish yo`li bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etishni kamaytirish;

to`rtinchidan, sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etilishi, oilalar, mahallalar, maktabgacha ta`lim va umumta`lim muassasalari darajasida sog`lom turmush tarzining ajralmas qismi sifatida targ`ib qilish;

beshinchidan, maktabgacha ta`lim, umumta`lim, o`rta-maxsus, professional va oliy ta`lim muassasalarida, korxona, tashkilot va boshqa turdagi barcha muassasalarda jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini shakllantirish.

Ta`kidlash kerak, ushbu masalalar o`z echimini topmasdan turib aholi orasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish va ommaviylikni ta`minlash oson emas.

Shuningdek, loyihaga muvofiq Respublikada aholi o`rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog`lom turmush tarzini targ`ib qilishning ustuvor yo`nalishlari etib – sportning yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” — mahalla (ko`cha) fitnesi turlari belgilanishi ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish, Adliya, Sog`liqni saqlash hamda Moliya vazirliklari tomonidan aholini kunlik yurish va yugurishga targ`ib qilish maqsadida “Sog`lom hayot” platformasini yaratish taklifi ilgari surilgan bo`lib, unga ko`ra:

Bir sutka davomida o`n ming va undan ortiq qadam yurgan shaxsning platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so`m o`tkaziladi.

“Sog`lom hayot” platformasini ishlab chiqish va unga xizmat ko`rsatish, texnik qo`llab-quvvatlash va keyinchalik modernizasiyalash bo`yicha buyurtmachining funksiyalari O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuklatilishi belgilangan.

“Sog`lom hayot” platformasini ishlab chiqish O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan IT-park direksiyasi rezidentlari bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvargacha Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qaror loyihasining yana bir muhim bandi sifatida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O`zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 noyabrga qadar har bir tuman markazi va shaharlarda piyodalar va velosiped yo`laklarini tashkil etish bo`yicha tegishli loyihalarni ishlab chiqib, keng jamoatchilik muhokamasiga joylashtirishi va 2021 yil 1 yanvardan boshlab qurilish ishlarini boshlab, 2021 yil 1 mayga qadar tugatishi belgilangan. Bunda, quyidagilar nazarda tutilgan:

1.Piyodalar va velosiped yo`laklarining umumiy uzunligi 3-5 kilometrni tashkil etishi hamda o`zaro uzviy bog`liq bo`lishi;

2. Zamonaviy, energotejamkor (harakat sensorlari bilan jihozlangan) yoritish tizimlari va yorug`lik qaytaruvchi yo`l belgilari bilan to`liq ta`minlanishi;

3. Piyodalar va velosiped yo`laklarini barpo etishda alohida harakatlanish imkoniyatlarini yaratish hamda nogironligi bo`lgan shaxslar uchun “to`siqsiz muhit” tashkil etish.

Xo`sh, bu nima beradi? Avvalo biz aholini sog`lom turmush tarziga jalb etar ekanmiz, ularga sharoit yaratib berishimiz kerak. Ayni paytda nafaqat shaharlar, hatto qishloqlarda ham piyodalar yurishi yoki aholining turli qatlami, bolalar va kattalar velosipedda uchishi yoki sayr qilishi uchun sharoit deyarli yo`q. Shunday ekan, aholi qaerda sayr qiladi va sog`lom turmush tarziga oshno tutinadi. Mazkur masala o`z echimini topishi asnosida o`z o`zidan yurtdoshlarimiz orasida piyoda yurish va velosipedda sayr qilishga bo`lgan qiziqish ortadi.

Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda barcha tuman (shahar)larda har chorakda har bir mahalla fuqarolar yig`inida “Eng faol sportchi mahalla” musobaqalarini tashkil etishi, bir oy muddatda musobaqalarni o`tkazish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlashi, musobaqada 1-o`rinni egallagan mahallaga 10 mln., 2-o`rin uchun 5 mln. va 3-o`ringa 3 mln. so`m miqdorida pul mukofoti “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag`lari hisobidan rag`batlantirilishini ta`minlash ko`zda tutilgan.

G`oliblarga beriladigan pul mukofoti mablag`lari mahalla fuqarolar yig`inlarining tijorat bankida ochilgan hisob raqamiga o`tkazilib, mahalla hududini obodonlashtirish, sport maydonchalarini tashkil etish va ularni jihozlash, sport tadbirlarini o`tkazish maqsadlariga yo`naltirilishi ham belgilab qo`yilgan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Xalq ta`limi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda 2021-2023 yillarga mo`ljallangan umumta`lim maktablarini to`liq sport zallari bilan ta`minlash,har bir tuman(shahar)da to`liq moddiy-texnika bazasiga ega bolalar-o`smirlar sport maktablari va boshqa jismoniy tarbiya va sport muassasalarining sport inshootlarini qurish va jihozlash dasturini ishlab chiqishi, jumladan, 2021 yil davomida umumta`lim maktablari uchun 50ta sport zal, 48ta sport ta`lim muassasalari uchun sport inshootlarini qurish ko`zda tutilgan.

O`zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi 2021 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda yangidan barpo etilayotgan ko`p qavatli turar joylar qurish bo`yicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritishi, ya`ni aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilot va idoralarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport maydonchalarini (shu jumladan Workout) tashkil etish, mahallalar, qishloqlar, tumanlar va shaharlarni bog`lovchi avtomobil yo`llari, piyoda hamda velosiped yurishi uchun mo`ljallangan yo`laklar qurish, avtomobil harakati yuqori bo`lgan va katta yo`l kesishmalarida er osti yoki er usti o`tish joylarini barpo etish ham belgilangan.

Sportchi yoshlarni saralash va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya), yoshlar orasida sportni ommalashtirishda yuqori natijalarga erishish maqsadida hududlarning o`ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumta`lim maktablarini kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan, shu jumladan milliy sport turlariga ixtisoslashtirish;

umumta`lim maktablarining sport turlariga ixtisoslashuvidan kelib chiqib, har birida har oyda kamida bitta sport turi bo`yicha sport musobaqalari o`tkazilishini ta`minlash vazifalari Xalq ta`limi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari zimmasiga yuklatilgan.

Unga ko`ra, musobaqalarning quyi, ya`ni umumta`lim maktablari hamda tuman (shahar) bosqichlarini o`tkazish bilan bog`liq xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining O`zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati mablag`lari hisobidan, hududiy va respublika bosqichi tegishlicha Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy va respublika kalendar rejalarida nazarda tutilgan byudjet mablag`lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo`yilgan.

Qaror loyihasidagi muhim band sifatida 2021 yil 1 yanvardan davlat organlari va tashkilotlarida sog`lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ`ibotchisi” qo`shimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga qo`shimcha 20 foiz miqdorda ustama belgilash yo`lga qo`yilishi nazarda tutilganligini aytish mumkin. “Sport targ`ibotchisi” mehnat jamoasida sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar, jumladan trenajyor zali, “Workout” maydonchasi, sport maydonchalari va xonalarini tashkil etish ishlari bilan shug`ullanadi. Mehnat jamoalarida xodimlarning sport bilan shug`ullanishini ta`minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan bog`liq moliyaviy xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag`lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat organlari va tashkilotlarining kasaba uyushmalari hamda ish beruvchilar o`rtasidagi jamoa shartnomalarida ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari, haftaga kamida bir marta xodimlarning jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar, xususan yugurish, suzish, futbol, badminton, voleybol, basketbol, tennis va boshqalarda ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”ni joriy etish, muntazam ravishda xodimlar orasida ommaviylashgan sport turlari bo`yicha sport musobaqalari va boshqa jismoniy tarbiya-ommaviy tadbirlar o`tkazib borilishi hamda texnologiya, ishlab chiqarish va ish sharoitlaridan kelib chiqib, xodimlariga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslarni belgilash tartibi joriy etilishi ham belgilangan.

Qaror loyihasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Xalq ta`limi vazirligi bilan birgalikda umumta`lim maktablarida 2021/2022 o`quv yilidan boshlab umumiy o`quv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fanini barcha sinflarda haftada 2 soatdan o`qitishni tashkil etish vazifasi belgilangan. Shuningdek, O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko`rsatkichlari milliy standart va me`yorlarga muvofiqligini hamda mahsulot o`ramidagi ma`lumotlarning to`g`riligini xolis o`rganuvchi “Sifat nazorati” televizion ko`rsatuvi namoyish etib borilishini yo`lga qo`yishi ham belgilab qo`yilgan.

Yana bir muhim masala, “Sog`lom hayot” platformasi shunchaki yaratib qo`yilmaydi, balki Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ushbu platformada ro`yxatdan o`tgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga va ularning sport natijalariga qarab vazirliklar, idoralar hamda mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining ishiga yil yakunida baho beriladi.

 

Qaror loyihasida mahalliy ommaviy axborot vositalari, jumladan O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ham qator vazifalar yuklangan. Xususan, 2021 yil 1 martdan boshlab, tarkibida tuz, qand va yog` miqdori belgilangan me`yorlardan yuqori bo`lgan oziq-ovqat maxsulotlari reklamasiga quyidagi cheklovlar o`rnatiladi:

1. Ta`lim muassasalari hududida va jamoat transporti vositalarida;

2. Animasion personajlar va bolalar ko`rsatuvlari qahramonlari ishtirokida reklama roliklarini namoyish qilish;

3. Ommaviy axborot vositalarida mahalliy vaqt bilan soat 07:00 dan 23:00gacha namoyish qilishga cheklovlar joriy qilinadi.

Shuningdek, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, Maktabgacha ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda muntazam ravishda yoshlarni, xususan bog`cha yoshidagi bolalarda jismoniy tarbiya va sport tushunchasini paydo qilish
va ularni qiziqtirish maqsadida “Bolalikdan sportga” sport mashg`ulotlarini telekanallarda namoyish etilishini, ayollar va keksalar uchun sog`lom turmush tarzini targ`ib etish bo`yicha “Sog`lom turmush” ko`rsatuvi namoyish etilishini ta`minlash belgilangan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog`lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori asosida Vazirlar Mahkamasining maxsus Qarori qabul qilinadi. Mazkur qaror loyihasida bitta band borki, unga alohida to`xtalib o`tish joiz. Ma`lumki, har yili 22 sentyabr – “Xalqaro avtomobilsiz kun” sifatida keng nishonlanib keladi. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ushbu sanaga alohida e`tibor qaratilgan.

Jumladan, 2021 yildan boshlab 22 sentyabr kuni respublika bo`yicha “Avtomobilsiz kun” deb e`lon qilinishi hamda shu kuni shaxsiy avtomobilda harakatlanishdan ixtiyoriy ravishda voz kechish, maxsus texnikalar, taksi va etkazib berish hamda tibbiy tez yordam uchun xizmat ko`rsatadigan texnikalar, jamoat transportlari, zarur hollarda foydalaniladigan shaxsiy avtomobillar bundan mustasno, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining qarorlari asosida tumanlar va shaharlarda ham “Avtomobilsiz kun” tadbirlarini o`tkazish belgilanishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar