Evropa klinik mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar jamiyatining konferensiyasida taqdim qilingan tadqiqot natijalarida qonda rux moddasining kam bo`lishi koronavirusga chalinish xavfi yuqori ekanligi, shuningdek, yuqtirib olingan taqdirda qiyin kechishi va hatto oqibati o`lim bilan tugashiga bog`liq degan xulosaga kelingan.
Rux moddasi va koronavirus o`rtasida qanday bog`liqlik bor?
Immunitetning viruslarga qarshi kurashish qobiliyati rux moddasining qondagi konsentrasiyasiga bog`liq bo`ladi.
Tadqiqot mualliflari COVID-19 tashxisi bilan shifoxonaga kelgan 249 nafar bemorni o`rgangan. Bemorlar o`rtacha 63 yoshda, ularning 55 foizi erkak bo`lgan. Koronavirusdan vafot etgan bemorlarning deyarli barchasida tirik qolganlarga nisbatan rux moddasi miqdori kam ekanligi aniqlangan. Tadqiqotchilar rux moddasi miqdori va koronavirusni engish imkoniyatini baholashga ham muvaffaq bo`lgan. Unda ma`lum bo`lishicha, qondagi rux moddasining har qo`shimcha mikrogrammi koronavirusdan vafot etish xavfini 7 foizga kamaytiradi.
Rux moddasi etishmasligini qanday aniqlash mumkin?
Kuniga 12-15 milligramm rux moddasi qabul qilinishi kerak. Ovqat va mahsulotlarni iste`mol qilish orqali organizm me`yordan 20-40 foiz ruxga ega bo`ladi, qolgan me`yor esa shifokor ko`rsatmasiga binoan boshqa manbalardan o`zlashtirilishi kerak. Afsuski, rux moddasi etishmasligini ifodalaydigan simptomlar mavjud emas, shu sabab ham vaqti-vaqti bilan biokimyoviy qon tahlili orqali aniqlashtirish kerak bo`ladi. Biroq rux moddasi etishmaganida ba`zi belgilar kuzatilishi mumkin. Ularning ko`p tarqalgani quyidagilardan iborat:
🔸 tez-tez shamollash va immunitetning susayishi;
🔸 yara, shilinish va boshqa jarohatlarning yaxshi bitmasligi;
🔸 tirnoqlarning mo`rtligi va sinishi;
🔸 qaltirash (asosan qo`lda);
🔸 asabiylashish va tez g`azablanish;
🔸 harakatning bir-biriga nomuvofiqligi;
🔸 soch to`kilishi;
🔸 hid va ta`m bilmaslik;
🔸 stomatit;
🔸 qorong`ida ko`rish qobiliyatining yomonlashishi;
🔸 boshni qazg`oq bosishi;
🔸 qo`lga allergik toshma toshishi;
🔸 ishtaha yomonlashishi.






