Jizzax viloyati IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Jizzax shahri Xalqobod mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug`ilgan X.B. odam savdosi bilan bog`liq jinoyatlarni sodir etganligi aniqlandi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, X.B. Birlashgan arab amirliklari, Malayziya va Tailandga muntazam borib, tungi klub va fohishaxonalarga mamlakatimizda yashovchi ayollarni jo`natish bilan shug`ullangan.
Chunonchi, “Instagramm” tarmog`ida profil ochib, Farg`ona, Samarqand, Suxondaryo, Buxoro va Jizzax viloyatida yashovchi xotin-qizlarni Toshkent shahrida yashovchi sherigi orqali chet elga jo`natgan. Ayollar xorijga borgach, X.B. ularning har biridan 8 ming AQSh dollari talab qilgan, bunga rozi bo`lmaganlarni mahalliy jinoyatchilarga topshirib yuborish bilan tahdid qilgan.
Jabrlanuvchilar chet tilini bilmaganliklari, xorij qonunlaridan bexabarliklari hamda qaytish uchun pullari yo`qligi sabab X.B.ning shartlariga ko`nishgan. Ayni vaqtda ayblanuvchining 20 nafar xotin-qizdan shahvoniy maqsadlarda foydalanganligi aniqlandi. Xususan, Tailandga sotilgan 12 nafar fuqaroning shaxsi aniqlanib, 9 nafar jabrlanuvchidan arizalar olingan.
Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






