Hozirda Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo`ldoshevaning qamoqqa olinishi masalasi internet tarmog`ida keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
SSV vaziyatga rasmiy munosabat bildirdi.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 36-moddasiga ko`ra, tergovchi tergovning yo`nalishi va tergov harakatlarini yuritishga oid barcha qarorlarni, prokuror ruxsatini olish qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mustaqil ravishda qabul qiladi.
Mazkur kodeksning 14-moddasiga ko`ra, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar mustaqil hamda faqat qonunga bo`ysunadi.
Sudyalar va xalq maslahatchilarining odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo`l qo`yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi yuqoridagi idoralar faoliyatiga aralashishga haqli bo`lmasa-da, Guljahon Yo`ldosheva ayol kishi ekanligi hamda qaramog`ida 6 nafar voyaga etmagan farzandi borligini inobatga olgan holda prokuratura idoralaridan boshqa ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko`rib chiqishni so`raydi, deyiladi xabarda.






