Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov maktab bitiruvchilari o`zbek tilini bilishi bilan birga rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarini bilishi ularni kelajakda muvaffaqiyatga erishishiga yordam berishi haqida o`z fikrlarini bayon etdi.
"10 mingga yaqin maktablarimizda minglab rus va ingliz tili o`qituvchilari faoliyat olib borishadi, lekin joylarda ular bilan suhbatlar davomida ularning tilni bilish bo`yicha malakasini oshirish muhimligiga ko`p marotaba amin bo`lganman. Suhbatlar davomida mashhur kinofilmdagi “shestnisa desa ham bo`ladi, subbota desa ham bo`ladi” degan epizod afsuski ko`p marotaba esimga tushgan. Qanday qilib o`zi chet tilini bilmagan o`qituvchi o`quvchiga ushbu tilni sifatli o`rgatishi mumkin!
Xabaringiz bor, ingliz tilini o`rgatishni yaxshilash maqsadida English Speaking Nation deb nomlangan loyihamiz orqali ingliz tili o`qituvchilarini malakalarini oshirish uchun AQSh, Buyuk Britaniya davlatlari tomonidan 50 mln dollardan ortiq grant mablag`larini jalb qilishga kelishganmiz va bu borada ishlar boshlangan.
Xuddi shunday, endi o`zbek tilida dars o`tiladigan maktablarda rus tilini o`qitishni yaxshilash maqsadida Rossiya Federasiyasining Maorif vazirligi bilan hamkorlikni yo`lga qo`ydik. Unga ko`ra Rossiyalik pedagoglar O`zbekistonga kelib hududiy malaka oshirish markazlarida rus tili o`qituvchilarimizning malaka oshirishlariga hamda o`zbek tilida dars o`tilayotgan maktablarda rus tilini o`rgatishni yaxshilashga yordam beradilar. Bu esa ushbu maktablardagi rus tili o`qituvchilarimiz uchun ham juda katta foyda bo`ladi.
Toshkent shahri va viloyat markazlarida rus tilida dars o`tiladigan maktablarga ota-onalar tomonidan talab juda yuqori. Ko`pchilik ota-onalar uyda rus tilida so`zlashmasliklari sababli bolalari o`qishda qiynalsa ham rus tilidagi maktabga berishga harakat qiladilar. Bunga asosiy sabablardan biri, men bilmasam ham bolam juda bo`lmasa rus tilini o`rganib chiqsin deydi. Aslida esa bunday o`quvchilar maktabda boshqa fanlarni o`zi bilmaydigan tilda o`zlashtirishga qiynaladilar.
Ushbu loyihadan maqsad, o`zbek tilidagi maktab bitiruvchisi fanlarni o`z ona tilida yaxshiroq o`rgana olishi bilan birga rus tilini ham biladigan bo`lib bitirib chiqsin.
Maktab o`quvchilari kelajagi uchun muhim bo`lgan ushbu loyihani ijtimoiy tarmoqlarda ba`zi “aqlli”lar darrov siyosiylashtirishga harakat qilishayotganini ko`rib, aniq aytib qo`ymoqchiman: ushbu loyihani orqasida biron bir siyosiy maqsad yo`q. Asosiy maqsadimiz bitiruvchilarimiz dunyo bozorida raqobatbardosh bo`lishiga erishish. Buning uchun esa, albatta, jahonda keng foydalaniladigan, jumladan qo`shni davlatlar bilan muomala uchun kerak bo`lgan chet tillarini sifatli o`rgatish zarur.
Ushbu ikki loyiha, ya`ni ingliz tili va rus tilini o`rgatish uchun davlat byudjeti mablag`larini tejash maqsadida tegishli davlatlardan grant olishga harakat qildik. Bu tillarni o`rgatishga maktablarda soatlar ko`paytirilmaydi. Mavjud soatlar doirasida o`tilayotgan darslar sifati oshiriladi.
Birinchi guruh pedagoglar bugun O`zbekistonga etib kelishdi va Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti tomonidan ularni hududlarga taqsimlash bo`yicha tashkiliy masalalar hal etilmoqda" duydi vazir.






