So`ngi kunlarda elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suv hisoblagichlarini qiyoslash masalasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Davxizmat.uz yozishicha, kelib tushayotgan e`tirozlarning asosiy qismi mazkur xizmatni ko`rsatishda belgilangan muddatlar buzilayotganiga bag`ishlangan.
Eslab ko`raylik...
Avval, hisoblagichni echish uchun ta`minotchi tashkilotga (“RES”, “raygaz” “suvsoz”) ariza topshirish kerak edi. So`ng, davlat tekshiruvini o`tkazish uchun, qurilmani “O`zstandart” agentligiga olib borishi kerak edi. U erda arizachidan turli miqdordagi mablag` yig`ib olinar edi. Bundan tashqari, tekshirish narxini belgilashda shaffoflik va oshkoralik mavjud emasdi. Tekshiruvdan so`ng, arizachi mustaqil ravishda qurilmani olib, keyin mas`ul tashkilotga hisoblagich o`rnatish uchun ariza topshirar edi.
Sir emas, ko`pchilik ortiqcha ovoragarchilikni oldini olish uchun mas`ul xodimlar bilan muayyan mablag` evaziga «kelishar» edi. Yuqorida ko`rsatilgan barcha tadbirlarni esa tashkilot xodim o`zi amalga oshirgan.
Endi-chi?
2019 yil 1 noyabridan boshlab, kommunal xizmatlari “schetchiklarini” qiyoslash uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki elektron tarzda my.gov.uz portali orqali qabul qilinmoqda.
Bundan ko`zda tutilgan asosiy maqsad — avvalgi tartibda mavjud bo`lgan korrupsion holatlarga chek qo`yish, mazkur xizmatlarni ko`rsatish uchun aniq muddatlar va tartibni belgilash. Ushbular orqali esa, fuqarolarga qulaylik yaratish edi aslida.
Ma`lumot uchun, joriy yilning 1 oktyabr sanasiga qadar:
- tabiiy gaz hisoblagichi bo`yicha 114 173 ta ariza kelib tushgan. Shundan, 66 992 tasi ijobiy hal etilgan, 2 421 tasi rad etilgan, 1 773 tasi bekor qilingan, 4 114 tasi yangi va 38 873 tasi ta`minotchi korxona tomonidan ko`rib chiqilmoqda;
- ichimlik suv hisoblagichi bo`yicha 73 887 ta ariza kelib tushgan. Shundan, 27 949 tasi ijobiy hal etilgan, 1 328 tasi rad etilgan, 1 390 tasi bekor qilingan, 21 525 tasi yangi va 21 695 tasi ta`minotchi korxona tomonidan ko`rib chiqilmoqda;
- issiq suv hisoblagichi bo`yicha 47 013 ta ariza kelib tushgan. Shundan, 18 052 tasi ijobiy hal etilgan, 590 tasi rad etilgan, 953 tasi bekor qilingan, 2 211 tasi yangi va 25 207 tasi ta`minotchi korxona tomonidan ko`rib chiqilmoqda;
Biroq, turli sabablarga ko`ra, ushbu davlat xizmatlarini ko`rsatishda ta`minotchi tashkilotlar hamda metrologiya organlari faoliyatida tizimli kamchiliklar yuzaga kelmoqda.
Xo`sh, muammolarning sababi nimada?
- Vakolatli organlarda kadrlar etishmaganligi va ish hajmining ko`pligi kelib tushgan arizalarni o`z vaqtida ko`rib chiqish imkonini bermayapti.
Misol uchun, “TOShISSIQQUVVATI” DUKga qiyoslashdan o`tkazish bo`yicha 1 kunda o`rtacha 500 ga yaqin ariza kelib tushadi. Korxonada faoliyat ko`rsatayotgan 80 nafar inspektor 1 kunda 6 ta (6x2=12) hisoblagichni echishi va o`rnatishi lozim. Har bir hisoblagichni echish, o`rnatish va dalolatnoma tuzish uchun o`rtacha 40-50 daqiqa sarflanadi.
Shuningdek, yaroqsiz deb topilgan hisoblagichlar bevosita ta`minotchi korxonalar tomonidan ta`mirlanib, qayta qiyoslashga taqdim etilmoqda. Bundan tashqari, ushbu xodimlar hisoblagich plombalarini echish va o`rnatish bo`yicha 1 kunda kelib tushadigan o`rtacha 120-130 ta arizalarni ham o`rganib chiqishlari lozim.
- Metrologiya stansiyalari kamligi.
Ta`minotchi korxonalar echilgan hisoblagich va dalolatnomalarni “O`zstandart”ga topshirishi belgilangan. “O`zstandart” agentligining respublika bo`yicha atigi 17 ta davlat metrologiya xizmati organlari faqatgina viloyatlar markazlarida faoliyat ko`rsatmoqda. Ya`ni, har bir tumanda metrologiya xizmati mavjud emas, ayrim hollarda ta`minotchi 60-70 kilometr masofaga hisoblagichlarni etkazib berishi va qayta olib ketishi kerak bo`ladi.
Bu holat, metrologiya organlarida ish hajmining ortib ketishiga olib kelib, hisoblagichlarni o`z muddatida qiyoslashdan o`tkazish imkoniyatini bermayapti.
Natijada faqatgina ichimlik suvi hisoblagichlarini qiyoslashdan o`tkazishda 15 mingdan ortiq holatda muddat buzilishiga yo`l qo`yilgan.
- Koronavirus bilan bog`liq karantin sabab, Maxsus komissiya qaroriga ko`ra, qiyoslash bo`yicha kelib tushgan arizalarni ko`rib chiqish muddatlari 2020 yil 1 sentyabrga qadar uzaytirilgan.
Albatta, bu cheklovlar virusning aholi o`rtasida tarqalmasligi uchun joriy etilgan edi. Natijada ko`rib chiqilishi lozim bo`lgan arizalar soni keskin oshib, ta`minotchi korxonalar xodimlari arizalarni o`z vaqtida ko`rib chiqishi imkoni bo`lmayapti.
Kimdir javobgar bo`ladimi?
2020 yilning 9 oyi davomida elektr energiyasi, tabiiy gaz, suvni hisobga olish uskunasini echish, qiyoslashdan o`tkazish va o`rnatish davlat xizmatini ko`rsatish jarayonida 16 662 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Shundan 15 788 tasi muddat buzilish, 10 tasi to`g`ridan-to`g`ri xizmat ko`rsatish, 27 tasi asossiz rad etish va boshqa turdagi qonunbuzilishlarni tashkil etadi.
Ushbu davlat xizmatini ko`rsatish jarayonida jami 266 ta ta`sir choralari ko`rilgan bo`lib, shundan vakolatli organlarga 69 ta taqdimnoma, 42 ta ogohnoma kiritilgan bo`lsa, 155 ta ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ko`rilgan ta`sir choralar natijasida jami 190 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Ulardan 32 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan, 3 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 155 nafari esa ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Muddat buzilganda nima qilish kerak?
Bugungi kunda ushbu xizmatlarni o`z vaqtida ko`rsatish uchun barcha zarur choralar ko`rilmoqda, nazorat kuchaytirilmoqda. Biroq eslatib o`tmoqchimiz, Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali ariza bergan bo`lsangiz, lekin arizangiz o`z vaqtida ko`rib chiqilmagan holatlarga duch kelsangiz Davlat xizmatlari agentligining 1148 ishonch raqami yoki my.gov.uz portali orqali arizangizni ichida mavjud bo`lgan “Maxsus xabar” tugmachasi orqali bizga xabar berishingiz mumkin. Mutaxassislarimiz holatni o`rganib chiqib, tegishli chora ko`radi.






