AsosiyJamiyat

Haj va umra vazirligi rasmiy xabari: umra ziyorati bosqichma-bosqich tashkil etiladi

'Haj va umra vazirligi rasmiy xabari: umra ziyorati bosqichma-bosqich tashkil etiladi'ning rasmi

Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o`zining rasmiy internet nashrlari orqali taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, Umra ziyorati to`rt bosqichda, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etiladi. Bu haqda  Din ishlari bo`yicha ko`mita yozmoqda. 

1️⃣-BOSQICh – 2020 yil 4 oktyabr kunidan e`tiboran cheklangan miqdorda, Saudiya Arabistoni Podshohligida istiqomat qiluvchilar uchun ichki Umra ziyorati ochilishi kutilmoqda. Bunda ziyoratchilar soni cheklangan bo`lib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro`yxatga olinadi va ularning kunlik umumiy adadi 6 ming nafarni tashkil etadi.

2️⃣-BOSQICh – 18 oktyabr kunidan e`tiboran, kunlik ziyoratchilar soni 15 mingga oshiriladi.

3️⃣-BOSQICh – 1 noyabr kunidan boshlab, xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda kunlik 20 ming ziyoratchiga xizmat ko`rsatish nazarda tutilgan. Ruxsat etilgan davlatlar ro`yxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantiriladi.

4️⃣-BOSQICh – Mavjud epidemiologik vaziyat sababli o`rnatilgan karantin cheklovlari batamom olib tashlangach, Umra ziyorati pandemiyadan oldingi holatdagidek to`liq tiklanadi.

Vazirlik xabarida yuqoridagi barcha bosqichlar Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi ko`rsatmasi asosida yumshatilishi yoki kuchaytirilishi, xorijiy davlatlar ro`yxati shakllantirishi va tasdiqlanishi, ziyoratchilarning Masjid al-Haramga maxsus onlayn navbat dasturi asosida kiritilishi eslatib o`tiladi.

Eslatib o`tamiz, Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi va «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha jamoatchilik kengashi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiylari tomonidan belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish masalasini ko`rib chiqmoqda hamda yurtdoshlarimizning to`liq tibbiy xavfsizligini ta`minlagan holda, rasmiy, ishonchli va xavfsiz Umra xizmatlarini taqdim etish ustida jadal ish olib bormoqda.

    Boshqa yangiliklar