AsosiyJamiyat

CCV «koronavirus statistikasini yuritish uchun professional bilim zarur»ligini aytdi

'CCV «koronavirus statistikasini yuritish uchun professional bilim zarur»ligini aytdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To`ychiev hamda Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboev muallifligida maqola e`lon qildi. Unda shunday deyiladi:

«Mamlakatimizda aholining koronavirus bilan kasallanish holatlarini aniqlashda infeksiyaga qarshi hosil bo`lgan antitanachalarni aniqlash hamda antigen ekspress test usullari qo`llanilmoqda. Lekin koronavirus infeksiyasiga tashxis qo`yish uchun ushbu taxlillar yordamchi tahlil usullari sifatida ishlatilishini unutmaslik kerak. Yakuniy tashxis qo`yishda “oltin qoida” sifatida polimer zanjirli reaksiya (PZR) maxsus laboratoriya tahlil natijalari tan olinadi. Shuning uchun ham statistik ma`lumotlarda faqatgina PZR usulida tasdiqlangan musbat natijalar hisobga olinadi."

Aytilishicha, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida koronavirus kasalligiga tashxis qo`yishda “gumon qilingan” hamda kasallik “tasdiqlangan” bemorlar o`zaro farqlanadi. Bu butun dunyoda amal qilinayotgan tajriba bo`lib, shifokorlarga kasallikning haqiqiy holati bo`yicha tegishli xulosaga kelishlari uchun yordam bo`ladi.  

"Ayni paytda yurtimizda tashkil etilgan saralash va taqsimlash markazlarida maxsus shifokor ko`rigi, laborator tahlillar va zaruratga qarab rentgen yoki MSKT tekshiruvlari o`tkazilmoqda. Laboratoriya usulida tasdiqlangan har bitta  holatni to`liq ro`yxatga olish, kasallikka chalinganlarni o`z vaqtida saralash va bemorlarning ayni paytdagi holatidan kelib chiqib, uyda yoki malakali tibbiy yordam ko`rsatishga ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo`naltirishga qaratiladi. Saralash va taqsimlash markazlariga koronavirus ehtimoli bilan murojaat qilgan, lekin kasallik tasdiqlanmagan bemorlarga ham zarur tavsiyalar berilib, undagi kasallik tashxisidan kelib chiqib, tegishli tibbiyot muassasalariga yo`naltiriladi.  

Shu bilan birga biz koronavirusdan tashqari boshqa yuqumli kasalliklar bilan og`rigan bemorlar ham borligini unutmasligimiz kerak. Hozirgi kunda aholida mavsumiy o`tkir respirator infeksiyalar (gripp, rino va adenovirus), shu bilan birga bakterial pnevmoniya va yuqumli bo`lmagan kasalliklarda harorat ko`tarilishi mumkinligini e`tibordan chetda qoldirmaslik zarur.  

Koronavirusning tarqalishi, uni aniqlash va davolash bo`yicha umumiy manzarani to`liq tasavvur qilish va baholash uchun professional tibbiy bilimga ega bo`lish kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizdagi pandemiya vaziyati haqida bildirilayotgan turli fikrlar, ayrim mutasaddilarning asoslanmagan xulosalariga ham aynan shunday professional bilimning etishmasligi sabab bo`lmoqda.  

Aslini olganda, pandemiyani jilovlashda ko`rilayotgan barcha choralar jahon tajribasi, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va eng asosiysi, yarim yildan ortiq vaqt mobaynida koronavirusga qarshi kurash jarayonida to`plangan milliy tajribaga tayangan holda amalga oshirilmoqda.  

O`tgan vaqt davomida aholidan kelayotgan koronavirus bilan bog`liq murojaatlar bilan ishlaydigan mobil guruhlar, kasallikka chalinganlarni saralash va ularni tibbiy holatiga ko`ra taqsimlashga qaratilgan markazlar hamda kasallikni davolash bilan shug`ullanuvchi shifoxonalarning uzluksiz tizimi yaratilganini e`tiborsiz qoldirib bo`lmaydi. Misol uchun, ayni paytda birlamchi tizimda 202 ta maxsus poliklinika, 1352 ta mobil guruh kechayu kunduz, dam olish kunlarisiz faoliyat yuritayotmoqda. Etakchi mutaxassislar ishtirokida 4 guruhga bo`lingan holda koronavirus bilan kasallangan o`ta og`ir va og`ir holatdagi bemorlarning holati kunlik onlayn nazorat qilib borilmoqda.

Shuningdek, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatishni tashkil etish maqsadida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo`yicha vaqtinchalik ko`rsatmalarga amal qilish borasida barcha hududlarda malaka oshirish kurslari tashkil etilib, unda ijobiy natija ko`rsatgan shifokorlargina koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlariga jalb qilinmoqda» , deyiladi  xabarda.

    Boshqa yangiliklar