AsosiyJamiyat

O`zbekistonda "Temir daftar"dan tashqari yana ikkita daftar yuritiladi

'O`zbekistonda "Temir daftar"dan tashqari yana ikkita daftar yuritiladi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Moviy daftar” ro`yxati shakllantirilishi haqida xabar tarqalmoqda. Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tarqatilayotgan xabarlar hech bir asosga ega emasligini ma`lum qildi. 

Vazirlik axborot xizmati xabar berishicha, yurtimizdagi mavjud fuqarolar yig`inlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda aholining ma`lum bir toifalarini o`z ichiga olgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” yuritiladi hamda ularga manzilli va maqsadli yordam beriladi.

 “Temir daftar” — karantin sharoitida ishsiz, daromadsiz qolgan ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarning fuqarolar yig`inlari va hududlardagi tegishli sektorlar tomonidan shakllantirilgan shaffof ro`yxati. Mazkur ro`yxatning ijtimoiy ahamiyati shundaki, unga kiritilgan oilalarga ma`lum bir davr mobaynida ijtimoiy va moddiy yordam ko`rasatiladi, oila a`zolarining munosib ish bilan band qilish choralari ko`riladi.

 “Ayollar daftari” — ishsiz va boquvchisini yo`qotgan ayollarning fuqarolar yig`inlari hamda hududlardagi tegishli sektorlar tomonidan shakllantiriladigan ro`yxatidir. Bu ro`yxatga kiritilgan ayollarni ish va uy-joy bilan ta`minlash choralari ko`riladi. Ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish borasida barcha zarur yordamlar ko`rsatiladi.

 “Yoshlar daftari” — fuqarolar yig`inlari, sektor va Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo`limlari hamkorligida ma`lum bir hududdagi 18 yoshga to`lgan va 30 yoshdan oshmagan ishsiz yoshlar ro`yxatidir. Mazkur ro`yxatga ishsiz, ishga muhtoj nogiron yoshlar, shuningdek, xorijdan qaytgan, JIEMdan ozod etilgan, harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar kiritiladi hamda ularga o`zlarining mavjud muammolari bo`yicha zarur yordamlar ko`rsatiladi.

    Boshqa yangiliklar