O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta`minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda Prezdent Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xotin-qizlar va yoshlar – aholining katta qismi, ijtimoiy masalalarning aksariyati ham ular bilan chambarchas bog`liq.
So`nggi yillarda ushbu ikki yo`nalish bo`ylab O`zbekistonda davlat siyosatini mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim yaratildi. Yoshlar masalalari bo`yicha har bir tumanda alohida hokim o`rinbosari, uning 3 nafargacha mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi bo`limining 3 nafar xodimi, viloyatda ham hokim o`rinbosari, uning 4 nafar mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining 11 nafar xodimi ajratildi.
Xotin-qizlar masalalari bo`yicha har bir mahallada alohida rais o`rinbosari, tumanda – mahalla va oila bo`limi boshlig`i o`rinbosari va 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birligi berildi.
Bundan tashqari, yoshlar masalalarini hal etishga Prezidentning Xalq qabulxonalari, xotin-qizlar masalalarini hal etishga esa Kasaba uyushmalari biriktirildi.
Lekin joylarda ushbu idoralar, to`rtta sektor ishni samarali tashkil eta olayotgani yuzasidan ko`plab savollar tug`ilmoqda.
Shu bois videoselektor yig`ilishida xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo`yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta`kidlandi.
Ma`lumki, yurtimizda aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va ko`makka muhtoj oilalar ro`yxati, ya`ni “temir daftar” tuzilgan edi. Endi xuddi shuningdek har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladi. Bu ro`yxatlar “temir daftar”dan alohida bo`ladi. Unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo`llab-quvvatlashga, bilim va kasb o`rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor bo`lgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritiladi. Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ish yo`lga qo`yiladi.
Yig`ilishda yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi Xatirchi tumani va Yangier shahri misolida muhokama qilindi.
Mutasaddilarga ushbu tizimning namunaviy shaklini ishlab chiqib, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va har bir viloyatning bittadan shahar va tumanida, ya`ni 28 ta hududda sinovdan o`tkazish vazifasi qo`yildi.
Sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar vakillariga har bir mahalladagi holatni o`rganish, yoshlar va ayollar bilan birma-bir muloqot qilib, ehtiyojlarini, qiziqishlarini aniqlash hamda shu asosda manzilli choralar ko`rish bo`yicha topshiriqlar berildi.
– Bundan keyin odamlarning uyiga borib, ishga muhtojlarni ishga joylashtirish tizimini yaratishimiz kerak. Endi qaysi joyda rahbarlar uyma-uy yurib, masalalarni hal qilsa, o`sha joyda vaziyat o`zgaradi. Eng asosiy maqsad – iqtisodiy barqarorlikdan natijadorlikka o`tish, – dedi Prezident.






