Prezident qarori bilan (PQ–4857, 08.10.2020) “A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta`lim muassasasi (Universitet)ning Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi.
Filial faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri xalqaro ta`lim standartlariga muvofiq bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha yuqori malakali pedagog kadrlarni tayyorlash hisoblanadi.
Qarorga ko`ra, Filial:
barcha darajadagi mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi;
ta`lim jarayonini rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham olib boradi;
kadrlar tayyorlashni kunduzgi, keyinchalik sirtqi ta`lim shaklida olib boradi;
abiturientlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestasiyadan o`tkazishni Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishgan holda Universitet tomonidan belgilangan talablar va qoidalarga muvofiq amalga oshiradi;
bitiruvchilarga O`zbekistonda oliy ma`lumot to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomini beradi.
Shuningdek, Filialga qabul parametrlari Filial tomonidan Moliya, Maktabgacha ta`lim, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirliklari hamda Universitet bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Filialga talabalar davlat granti hamda to`lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
To`lov-kontrakt miqdori Filial tomonidan Maktabgacha ta`lim, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari hamda Universitet bilan kelishilgan holda belgilanadi.