Shu yil 8 oktyabr kuni Prezident raisligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida, jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta`minlashga qaratilgan juda ko`plab fikrlar va takliflar bildirildi.
Unda Samarqand viloyati hokimi ko`plab o`zbek ayollari xorijda, xususan Turkiyada uy ishlarini bajarayotgani va O`zbekistonda ham bu kasb egalariga talab oshayotganidan kelib chiqib, oqsochlar tayyorlaydigan markazlar ochishni taklif qilgan. Hokimning bu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo`ldi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati ushbu taklifni quyidagicha izohladi:
" - Mazkur yig`ilishda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tomonidan bildirilgan takliflar orasidan “Oqsoch ayollarga talab ortib bormoqda, xotin-qizlarni shu kasbga o`rgatishimiz kerak” degan jumla kontekstdan ajratib olingan holda, asossiz gap so`zlar tarqatilib, noto`g`ri talqin qilinmoqda.
Avvalo, shuni ochiq aytishimiz lozimki, bugungi kunda mehnat bozorida malakasiz ishchi kuchi juda ko`p. Va sir emaski, bugun mamlakatimizda enagalik, oqsochlik xizmat turiga ehtiyoj katta.
Biroq, hozirda bu ishni ayrim qo`shtirnoq ichidagi “tadbirkorlar” biznesga aylantirib olgan holda, enaga va oqsoch topib berish “xizmati” ko`rsatishni yo`lga qo`yib olgan. Ammo, ular bu xizmatni ko`rsatuvchi ayollarimizning salomatligi, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo`yicha hech qanday majburiyatni o`z zimmasiga olmayapti va kafolatlamayapti.
Shu sababli, mehnat bozorida uy yumushlariga va bolalar parvarishiga ko`maklashadigan enaga, oqsoch xizmatiga ehtiyoj bor ekanmi, mazkur faoliyat turini qonuniylashtirish, ya`ni bu xizmat turi bilan shug`ullanishni istovchi ayollarimizga o`z huquqlarini o`rgatish maqsadida o`qitish, ularni uy-ro`zg`or ishlarini yuritish bo`yicha malakasini oshirishni amalga oshiruvchi maxsus markazlar tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Mazkur markazlarda malakasini oshirgan ayollarimizni qonuniy asosda tashkil etiladigan maxsus idora (firma)lar orqali shartnoma asosida xizmat ko`rsatishlarini yo`lga qo`yish, ularni davlat tomonidan har tomonlama qo`llab-quvvatlash, nafaqa yoshiga etganlarida pensiya olishlarini kafolatlash mexanizmi yaratilishi lozim.
Bu orqali, chet mamlakatlarda aynan shu xizmat turi bilan shug`ullanishni istovchi ayollarimizning ham qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish ko`zda tutilmoqda. Hech kimga sir emas, hozirda Rossiya, Isroil, Turkiya va boshka ko`plab chet mamlakatlarda ayollarimiz aynan shu xizmat turi bilan shug`ullanib kelishmoqda, lekin ularning qonuniy huquq va manfatlarini himoya qilish yuzasidan biror bir hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Bu esa, ko`p holarda ularning huquqlari buzilishiga, kamsitilishiga va boshqa zo`ravonliklar (tazyiqlar ostida qolishiga) kelib chiqishiga olib kelmoqda. Hattoki, hozirda mazkur faoliyat turi bilan shug`ullanuvchilar soni haqida biror bir idorada rasmiy ma`lumot mavjud emas.
Biz qayd etib o`tgan mexanizm asosida bosqichma-bosqich ish tashkil qilinishi, mazkur faoliyat turi bilan shug`ullanayotganlar haqida aniq hisob yuritilishiga, ularning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishiga, bu borada jamoatchilik nazorati o`rnatilib, ayollar va yoshlarimizni kasbga o`rgatish orqali, boshqa xizmat turlari bilan shug`ullanishi uchun sharoit yaratadi.
Qolaversa, bu xizmatni ko`rsatish bilan shug`ullanishni istovchi ayollarimiz o`z qonuniy huquqlarini bilishsa, bugungi kunda uy-ro`zg`or ishlarida ishlatiladigan zamonaviy texnikalarni ishlatilishini o`rganishsa, buni nimasi yomon?
Shu o`rinda, ayrim mehmonxonalarda ham shunday faoliyat bilan shug`ullanayotgan xotin-qizlarda tajriba yoki malaka etishmasligi oqibatida biror xatolikga yo`l qo`ysa, ularning qonuniy huquqlari poymol etilayotganligi kabi holatlar ko`plab kuzatilayotganligi ham barchamizga ma`lum.
Albatta, biz qadrli opa-singillarimizni enaga, oqsochlik qilishlarini targ`ib etmoqchi yoki buni ommalashtirishni taklif qilmoqchi emasmiz va bu fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Biz, yuqorida qayd etib o`tganimizdek, ushbu faoliyat turi bilan shug`ullanish istagida bo`lgan ayollarimizning huquq va manfaatlari qonuniy himoya qilinishi va bu borada jamoatchilik nazorati o`rnatilishi lozim deb hisoblaymiz", deyiladi Axborot xizmati xabarida.






