O`zbekiston respublikasi prezidentining rasmiy saytida e`lon qilingan bayonotda davlat rahbarlari qardosh Qirg`izistonda sodir bo`layotgan voqealardan jiddiy tashvishlanayotganliklari aytilgan.
"Ko`p asrlik do`stlik rishtalari, yaxshi qo`shnichilik, umumiy madaniy va ma`naviy qadriyatlar bilan bog`langan yaqin qo`shnilar sifatida biz ushbu qiyin kunlarda Qirg`iziston xalqini mamlakatda tinchlikni saqlash va barqarorlikni tiklash uchun o`ziga xos donolikni namoyon etishga chaqiramiz.
Qirg`izistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoatchilik doiralari tinchlik va osoyishtalikni ta`minlash, Konstitusiya va milliy qonunchilikka so`zsiz rioya qilish bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur bo`lgan sa`y-harakatlarni amalga oshirishiga umid bildiramiz.
Qirg`izistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omilidir.
Mamlakatlarimizning o`tmishi bir, ular umumiy kelajakni barpo etmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarini tarixiy jihatdan kelajakdagi avlodlar farovonligi uchun barqaror tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik istagi birlashtiradi.
Mushtarak maqsadlarga intilgan holda, davlatlarimiz savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya va madaniy-gumanitar aloqalarni, chegaraoldi va hududlararo sheriklikni kengaytirish uchun mintaqaviy hamkorlikni faol ravishda mustahkamlamoqda.
Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yo`lidan borar ekanmiz, biz Qirg`iziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qo`llab-quvvatlaymiz", deyiladi qo`shma bayonotda






