Hukumatning tegishli qarori (№635, 09.10.2020y) bilan, tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish bo`yicha ayrim o`zgarishlar kiritildi. Bu haqda O`zA xabar qildi.
Jumladan, M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari orqa yon oynalarining tusini o`zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to`lov stavkalari jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 mln 115 ming so`m) etib belgilandi. Bunga qadar ushbu miqdor BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming so`m) edi.
Yuridik shaxslarga orqa yon oynani qoraytirish uchun to`lov miqdori o`zgarmagan - BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming so`m).
Shuningdek, orqa va old yon oynalar bo`yicha tusini o`zgartirishning to`lovi miqdori ham avvalgidek saqlanib qoldi, ya`ni jismoniy va yuridik shaxslar uchun BHMning 50 baravari (11 mln 150 ming so`m) miqdorini tashkil etadi.






