Avval xabar qilinganidek, kecha, 9 oktyabr kuni “Ozodlik” radiosi va boshqa bir qator ijtimoiy tarmoqlarda “Bosh prokuratura Saida Mirziyoeva taqdim etgan “Mendirman Jaloliddin” filmi yuzasidan jinoyat ishi ochgan” degan sarlavhali maqola e`lon qilingan. Sal avval “O`zbekkino” Milliy agentligi rasmiy bayonot bilan chiqib, maqolada keltirilgan jinoyat ishiga Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari S.Mirziyoevaning mutlaqo aloqasi yo`q bo`lib, tarqatilgan ma`lumotlar asossiz ekanligini ma`lum qildi.
Ayni paytda holat yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi.
Keltirilishicha, Bosh prokuratura tomonidan “O`zbekkino” Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur jinoyat ishi qo`zg`atilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan “O`zbekkino” Milliy agentligida o`tkazilgan tekshiruv hujjatlari asos bo`lgan.
Tergov jarayonida, “O`zbekkino” Milliy agentligining faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xo`jalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.
Aniqlanishicha, 22.06.2018 yilda “O`zbekkino” Milliy agentligi hamda “Best organaizer” MChJ o`rtasida “Menman, Jaloliddin”nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln. so`m mablag` to`lab berilgan.
Lekin, ushbu filmni suratga olish ishlari “Mendirman, Jaloliddin” nomi bilan Turkiya Respublikasidagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish harajatlari byudjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, “O`zbekkino” Milliy agentligidan ajratilgan mablag`lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda byudjetga qaytarilgan.
Shuni alohida qayd etish joizki, tergov harakatlari davomida 2020 yil 3 oktyabr kuni taqdimot marosimi bo`lib o`tgan “Mendirman, Jaloliddin” filmiga tegishli hujjatlar olinmagan hamda ushbu filmni ishlab chiqargan shaxslarning jinoyat ishiga hech qanday aloqadorligi yo`q.






