AsosiyDunyo

Malayziya Milliy kutubxonasida «O`zbek tilining izohli lug`ati»ning taqdimoti o`tkazildi

'Malayziya Milliy kutubxonasida «O`zbek tilining izohli lug`ati»ning taqdimoti o`tkazildi'ning rasmi

O`zbek tilining xalqaro miqyosdagi o`rni va nufuzini oshirish bo`yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar doirasida mamlakatimizning Malayziyadagi elchisi Ravshan Usmanov mazkur davlat Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O`zbekiston Fanlar akademiyasi O`zbek tili, adabiyoti va folklori institutining bir guruh olimlari tomonidan tayyorlangan besh jildli «O`zbek tilining izohli lug`ati»ning taqdimoti o`tkazildi.

Malayziya Milliy kutubxonasiga ushbu to`plamning to`rtta nusxasi, shuningdek, O`zbekiston tarixi va madaniyatiga oid o`zbek va ingliz tillarida chop etilgan kitoblar to`plami topshirildi.

— «O`zbek tilining izohli lug`ati» nusxalari uchun minnatdorlik bildiraman, — dedi Malayziya Milliy kutubxonasining bosh direktori Mayzan Ismoil. — Ushbu nashr dunyodagi eng boy tillardan biri bo`lgan o`zbek tilidagi so`zlarning maʼnolarini yanada teranroq anglashimiz uchun yordam beradi. Ta`kidlash joizki, ushbu izohli lug`atni tayyorlab, nashr etilgani o`zbek tilini asrash va yanada rivojlantirishda qo`yilgan muhim qadam hisoblanadi.

Malayziya Milliy kutubxonasi rahbari, shuningdek,  O`zbekistondagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik o`rnatish hamda kutubxonada «O`zbek tili va adabiyoti» burchagini tashkil etishni ta`kidladi.

Uchrashuv natijasida Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi va Malayziya Milliy kutubxonasi o`rtasida hamkorlik o`rnatish masalalarini muhokama etish uchun ushbu muassasalar rahbarlarining videokonferensaloqa formatidagi muzokaralarini o`tkazish,  Malayziya Milliy kutubxonasi binosida «O`zbek tili va adabiyoti» burchagini tashkil etish, kutubxona bilan elchixona o`rtasida hamkorlikni rivojlantirish, o`zbek tilidagi o`quv dasturlari, manba va adabiyotlar bilan ta`minlash va birgalikda ma`rifiy va madaniy tadbirlar o`tkazish bo`yicha kelshuvlarga erishildi.

Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, diplomatik vakolatxona Malayziyada o`zbek tilini keng targ`ib qilish, uning milliy va xalqaro maqomini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda.

Jumladan, Malayziyada yashayotgan vatandoshlar hamda xorijliklar ishtirokida 21 oktyabr – O`zbek tili bayrami arafasida ushbu mavzuda «davra suhbati» o`tkazish rejalashtirilgan.

 

    Boshqa yangiliklar