AsosiyJamiyat

Deputat Buvayda tumani 39-maktabdagi holat bo`yicha o`z e`tirozlarini bildirdi

'Deputat Buvayda tumani 39-maktabdagi holat bo`yicha o`z e`tirozlarini bildirdi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Ibragimovaning Feysbuk ijtimoiy tarmog`idagi posti diqqatimizni tortdi. Unda quyidagi fikrlar bildirilgan:

"Deputatlik mas`uliyatli vazifa. Bu maqomning sharafini, bizga bildirilgan ishonchni oqlash uchun har doim saylovchilar orasidamiz. Ularning muammolarini bartaraf etish yo`lida hamisha uyg`oq bo`lishga harakat qilyapmiz.

Navbatdagi murojaat bo`yicha Farg`ona viloyati Buvayda tumanidagi 39-umumta`lim maktabida o`rganish olib borishimga to`g`ri keldi. Aholi va ota-onalarning e`tirozli iddaolari bildirilgan murojaat chindan asosli ekanligiga guvoh bo`ldim.

Aslida maktab hovlisi ta`mirga muhtoj. O`quvchilar uchun etarli shart-sharoitlar yaratilmagan. Masalan, maktab oshxonasi abgor ahvolda, stadion yo`q, o`quvchilarning tabiat qo`ynida shug`ullanishlari uchun imkoniyat mavjud emas.

Muammo maktab direktorining o`zboshimchalik bilan olib borayotgan amaliy ishlarida!

Maktab direktori ta`lim maskanini shaxsiy mulki sifatida biladi, shekilli, allaqachon maktab hovlisi devorini olib tashlab, savdo va maishiy xizmat ko`rsatish shahobchalarini qurishni boshlagan. Bundan tabiiyki, ota-onalar norozi. Axir maktabda o`quvchilarning munosib ta`lim-tarbiya olishlari, qiziqishlari bo`yicha shug`ullanishlari, ovqatlanishlari uchun etarli sharoitlar yaratilishi o`rniga maktab tasarrufidagi er maydonidan o`zboshimchalik bilan foydalanish to`g`rimi?

Xalq ta`limi bo`lmi, hokimiyat bu holatdan xabardor emasligi meni ajablantirdi. Yoki shunchaki ko`z yumadilarmi?

Mazkur masala yuzasidan tuman hokimligiga murojaat qildim. O`ylaymizki, mutasaddilar ushbu muammoga tez orada echim topishadi".

Biz ham mutasaddilarning ushbu masala bo`yicha izohini sabrsizlik bilan kutib qolamiz.

    Boshqa yangiliklar