Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga bo`lgan qiziqishning so`nishi rux etishmasligining asosiy belgilari hisoblanadi.
Inson organizmida rux moddasi tanqis bo`lsa, avvalo, sezish qobiliyatlari – ko`rish, hidlash, ta`m bilish izdan chiqadi. Bu esa ishtaha yo`qolishi, ovqat hazmining buzilishiga olib kelishi mumkin. Soch to`kilishi, tirnoqlarda oq dog`lar paydo bo`lishi, dermatit va yaralarning sekin bitishi, suyaklarning mo`rt bo`lib, revmatizm va artrit kasalliklari kelib chiqishi ham rux etishmasligi tufaylidir.
Immunitetimiz holati shu mineralga bog`liq bo`lib, shamollash va grippning dastlabki belgilari namoyon bo`lganda, vitamin S bilan birga rux moddasi tavsiya etiladi. U qonda doimiy kislotali-ishqorli muhitni saqlaydi, to`qima regenerasiyasi uchun mas`ul, insulin hosil bo`lishini va mushaklar qisqarishini boshqaradi.
Bugungi kunda mutaxassislar inson organizmida rux moddasi etishmasligi koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori ekanidan darak beruvchi belgi, deb hisoblashmoqda. Evropa klinik mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar jamiyati konferensiyasida taqdim qilingan tadqiqot natijalariga ko`ra, qonda rux moddasining kam bo`lishi koronavirusga chalinish xavfini orttiradi.
Xo`sh, rux moddasi va koronavirus o`rtasida qanday bog`liqlik bor? Immunitetning viruslarga qarshi kurashish qobiliyati rux moddasining qondagi konsentrasiyasiga bog`liqdir. Tadqiqot mualliflari COVID-19 tashxisi bilan shifoxonaga kelgan 249 nafar bemorni o`rgangan. Bemorlar o`rtacha 63 yoshda, ularning 55 foizi erkak bo`lgan. Koronavirusdan vafot etgan bemorlarning deyarli barchasida tirik qolganlarga nisbatan rux moddasi miqdori kam ekanligi aniqlangan. Tadqiqotchilar rux moddasi miqdori va koronavirusni engish imkoniyatini baholashga ham muvaffaq bo`lgan. Ma`lum bo`lishicha, qondagi rux moddasining har qo`shimcha mikrogrammi koronavirusdan vafot etish xavfini 7 foizga kamaytiradi.
Organizmni tabiiy yo`l bilan rux moddasiga qanday to`yintirish mumkin, degan savol ko`pchilikni qiziqtirishi tabiiy. IIV Markaziy poliklinikasi terapevti Salomat Yusupova quyidagi tavsiyalarni berdi:
– Tarkibida rux elementi ko`p bo`lgan tabiiy meva-sabzavotlar, ko`katlar, ziravorlar, dukkakli don mahsulotlari hamda ulardan tayyorlangan milliy taomlarni iste`mol qilishga odatlanish maqsadga muvofiq. Shuningdek, uzum va tut shinnisi, o`rik va achchiq bodom danagi, qora mayiz, turshak, yong`oq, kepakli non, sumalak, kartoshka, pomidor, no`xat, sut va go`sht mahsulotlari hamda tuxum sarig`ining tarkibida rux moddasi ko`p.






