AsosiyJamiyat

150ga yaqin jamoat tashkiloti BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashi a`zoligiga O`zbekiston nomzodini qo`llab-quvvatladi

'150ga yaqin jamoat tashkiloti BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashi a`zoligiga O`zbekiston nomzodini qo`llab-quvvatladi'ning rasmi

2020 yilning 13 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi O`zbekistonning BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashiga uch yil muddatga a`zolik arizasini ko`rib chiqib, ushbu masalada ovoz beradi. 

Shu munosabat bilan "Yuksalish" umummilliy harakat BMTning Inson huquqlari bo`yicha Kengashi a`zoligiga O`zbekiston Respublikasining nomzodi ilgari surilishini qo`llab-quvvatlovchi ochiq murojaat loyihasini tayyorladi. Joriy yilning 5 oktyabr kuni ZOOM-konferensiya shaklida tashkil etilgan uchrashuv davomida 147 nodavlat notijorat tashkiloti ushbu tashabbusni qo`llab-quvvatladi. Barcha fikr va takliflar inobatga olingan holda murojaatning yakuniy versiyasi tayyorlandi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati ma`lum qildi.

Qayd etish kerak, so`nggi 3-4 yilda O`zbekistonda xalqaro va milliy hujjatlarimizda mustahkamlab qo`yilgan inson huquqlarini himoya qilish kafolatlari asoslarini takomillashtirish borasida katta yutuqlarga erishildi.

Bu sohada, jumladan, davlat boshqaruvining shaffofligi va hisobdorligini oshirish, qonun ustuvorligini ta`minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, bolalar, yoshlar huquqlarini himoya qilish va ta`minot masalalari bo`yicha sezilarli yutuqlarni xorijiy ekspertlar, siyosatshunoslar va xalqaro tashkilotlar ham ta`kidlamoqda.

Albatta, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi jarayonlar hanuz kamchiliksiz emas, lekin shu bilan birga idoralar va tashkilotlar o`rtasidagi muvofiqlashtirish sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Muammolarni hal qilishda davlat organlari va jamoatchilikning birgalikdagi faoliyati ko`zga tashlanadi. Masalan, so`nggi yillarda O`zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi. Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotiga ko`ra, 2019 yilda O`zbekiston hukumati tomonidan paxta etishtirishning barcha bosqichlarida tizimli va davomli ravishda bolalar mehnatidan foydalanish va majburiy mehnatga jalb etish holatlari kuzatilmadi. 2019 yil yig`im-terim mavsumida 94 foiz yollanma ishchilar ixtiyoriy ravishda ishtirok etdi, talabalar, o`qituvchilar, shifokorlar va hamshiralarning dala ishlariga jalb etilishi esa butunlay tugatildi.

Shunisi e`tiborga loyiqki, “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan 150ga yaqin nodavlat tashkilotlar ham inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish uchun rag`batlantirish sohasidagi ijobiy o`zgarishlarni ta`kidlaydi, 2021—2023 yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashiga O`zbekiston nomzodi ko`rsatilishi tashabbusini qo`llab-quvvatlaydi.

Yuz berayotgan jarayonlar muqarrar xarakterga ega, bu haqda davlat rahbari bir necha marta ta`kidlagan. Yaqinda tasdiqlangan Inson huquqlari bo`yicha milliy strategiya bunga dalildir. Inson huquqlari bo`yicha milliy strategiya — ko`plab xalqaro va jamoat maslahatlashuvlari mahsuli. Maslahatlashuvlar davomida bildirilgan konstruktiv takliflar Milliy strategiyaning yakuniy variantini ishlab chiqishda inobatga olindi. Xususan, inson huquqlarini ta`minlash sohasida xalqaro majburiyatlarga amal qilish bo`yicha Parlament komissiyasini tuzish, har chorakda Milliy strategiyaning amalga oshirilishi yuzasida vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlarini tinglash tavsiya etildi. 

Mamlakatning inson huquqlarini ta`minlash va xalqaro majburiyatlarni bajarishga sodiqligi Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so`zlagan nutqida ham dolzarblik kasb etdi. Buni bir qator xorijiy ekspertlar va siyosatshunoslar avvalo, dunyoda va Markaziy Osiyo mintaqasida O`zbekiston tajribasini, qisqa vaqt ichida barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko`lamli o`zgarishlarni nisbatan ommalashtirish sifatida baholadilar. Ushbu islohotlar tajribasi Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun ham, dunyoning boshqa davlatlari uchun ham, shu jumladan, BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashi doirasida ham ijobiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.

So`nggi yillarda ijtimoiy-siyosiy makonda katta o`zgarishlar yuz berdi, bu makonda aholi tanqidlariga o`rin berildi va tanqidlar xolis qabul qilinmoqda, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarining poymol etilishi bilan bog`liq holatlarga davlat organlari o`z vaqtida munosabat bildirmoqda. Hukumatning, ham fuqarolar va ham jamoatchilikning o`z majburiyatlariga sodiqligi kuzatilayotganini alohida ta`kidlashni muhim, deb hisoblaymiz.

Eslatib o`tamiz, 2018 yil Jenevada bo`lib o`tgan Inson huquqlari bo`yicha kengashning 37-sessiyasida O`zbekiston 2021-2023 yillar mobaynida Inson huquqlari bo`yicha kengash a`zosi sifatida saylanish istagini ilk bor bildirdi. Ushbu qaror mamlakatda inson huquqlari himoyasini sifat jihatidan yaxshilash, ushbu sohada O`zbekistonning xalqaro hamkorligini sezilarli darajada faollashtirish bo`yicha maqsadli ishlar doirasida, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro tashkilotlarning ijobiy baholarini inobatga olgan holda qabul qilindi. BMTning Inson huquqlari bo`yicha nengashi a`zosi sifatida O`zbekiston Respublikasining saylanishini ta`minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish O`zbekistonning Inson huquqlari bo`yicha milliy strategiyasida ham belgilangan.

    Boshqa yangiliklar