AsosiySalomatlik

SSV dori vositalarining nojo`ya ta`sirlaridan ogohlantirmoqda

'SSV dori vositalarining nojo`ya ta`sirlaridan ogohlantirmoqda'ning rasmi

Ayni kunlarda koronavirsni keltirib chiqaruvchi “SARS-CoV-2” virusining tarqalishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarini ishlab chiqish jahondagi barcha sog`liqni saqlash tashkilotlarining asosiy vazifasiga aylangan. Hozirda dunyo farmasevtika bozorida yuzdan ortiq “COVID-19” kasalligini oldini olish yoki uni davolashga qaratilgan dori vositalari, vaksinalar taklif etilmoqda. Ammo, afsuski, hozirgi vaqtgacha “COVID-19” kasalligini samarali davolashi kafolatlangan preparat topilgani yo`q. Shunga qaramasdan, “COVID-19”  kasalligini davolashda yaxshi natija ko`rsatayotgan dori vositalari mavjud bo`lib, bunday dorilar orasida hozirda eng mashhuri “Remdesivir” va “Favipiravir” deyish mumkin.

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu dorilarni koronavirusni engishdagi ta`siriga oydinlik kiritish uchun vazirlik huzuridagi  Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi E`zozbek Rizaevga murojaat qildi.    

—  “Remdesivir” virusga qarshi preparati 2015 yil AQShda  yaratilgan bo`lib, Afrikada tarqalgan “Ebola” virusiga qarshi qo`llanilgan. 2020 yil 1 maydan boshlab Amerika oziq-ovqatlar va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi tomonidan koronavirusni davolashda tezkor dori sifatida qo`llanilishiga ruxsat berilgan. O`tgan vaqt orasida “Remdesivir” o`zining ijobiy natijalarini ham berdi. Shu sababli koronavirusni davolashda butun dunyoda qo`llanilmoqda. Hozirda “Remdesivir” preparati O`zbekistonda ham  “Remdessa” nomi bilan ishlab chiqarilmoqda, - deydi mutaxassis. 

 

Uning ta`kidlashicha, koronavirusni davolashda yana bir keng qo`llanilayotgan dori vositasi bu – “Favipiravir”. U Yaponiyada “Avigan” nomi bilan 2014 yildan “Fujifilm Toyama Chemical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan  gripp kasalligiga qarshi dori vositasi bo`lib, grippni davolashda boshqa preparatlar ta`sir ko`rsata olmaganida zahira preparati sifatida tatbiq etilgan. “Favipiravir”ning biologik aktiv moddasi bir qator viruslarning ko`payishini bloklaydi. Bu preparat ham Afrikada “Ebola” virusini davolashda keng qo`llanilgan. 2020 yilning fevral oyidan boshlab Yaponiya klinikalarida  koronavirusni davolashda keng ko`llanilib kelinmoqda.  

E`zozbek Rizaev “Remdesivir” va “Favipiravir” virusga qarshi dori vositalari sinov vaqti va davolash muolajalari davrida o`zini ijobiy namoyon etib, davolash kunlari qisqartirayotganligini hamda bemorlar ahvolini sezilarli darajada yaxshilanayotganligini aytgan. 

 

Shuningdek u  ushbu dori vositalarining nojo`ya ta`sirlari haqida ham to`xtalgan.  

Ma`lum bo`lishicha, Yaponiyada “Avigan” (“Favipiravir”) dori vositasi faqat buyurtma asosida klinikalarga etkazib beriladi. “Remdesivir” virusga qarshi dori vositasi esa faqatgina stasionar sharoitida qo`llashga mo`ljallangan. Chunki “Remdesivir” dori vositasi “COVID-19” kasalligining o`rta og`ir va og`ir shaklida bemorlarga tavsiya etiladi. Sababi barcha dori vositalari singari ushbu dori vositasining ham foydali va zararli taraflari mavjud. Jumladan, tibbiy ko`rsatmasiz pala-partish va yuqori dozada ishlatish buyrak etishmovchiligini keltiradi, jigar fermenti “AlT”ning oshishiga olib keladi, o`tkir nafas etishmovchiligi, ko`ngil aynishi va qabziyatni chaqiradi. 

“Favipiravir” dori vositasi kasallikni engil va o`rta og`ir kechish darajasida faqat shifokor nazorati ostida tavsiya etiladi. Sababi “Favipiravir”ni virus yuklamasi ko`p bo`lganda va foydasi zararidan ustun deb topilgandagina tavsiya etiladi. Uni homilador ayollar qabul qilganda bolaning ko`p nuqsonli tug`ilishiga sabab bo`lishi mumkin. Buyrak etishmovchiligini chaqiradi. Harakat funksiyalarini buzadi.  

-- Achinarlisi, sanab o`tilgan nojo`ya ta`siriga qaramay, aholi  orasida “Remdesivir” va “Favipiravir” dori vositalarini ishlatishga xohish ortib bormoqda. “COVID-19” kasalligi bilan  “asoratlangan” holatda tibbiyot muassasalariga murojatlar ko`payib ketdi. Bunga esa bilib-bilmasdan ko`p miqdorda va kerak bo`lmagan holatda yuqorida sanab o`tilgan dori vositalarini o`zboshimchalik bilan qabul qilish sabab bo`lmoqda, -- deydi  Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi. 

 

    Boshqa yangiliklar