«Forbes» nashri 2020 yilda eng ko`p maosh olgan TikToker’larning reytingini taqdim etdi. Ro`yxatning birinchi o`rnini O`zbekistonda tug`ilgan 22 yoshli Rahim Abramov egalladi.
Qayd etilishicha, uning TikTok’dagi daromadi 10,47 million rublni tashkil etadi. Hozirda uning ijtimoiy tarmoqda 9,5 millionga yaqin obunachisi bor.
Nashrning ta`kidlashicha, O`zbekistonda tug`ilgan Rahim Abramov 16 yoshida Rossiyaning Chita shahriga ko`chib o`tgan. U erda sport maktabida o`qishni davom ettirgan. Abramov do`sti bilan pul ishlash uchun uzumzorlarni suratga olib, qisqa videolavhalar tayyorlagan. U Instagram’da «Not Majors» deb nomlangan loyiha tuzadi va bir yil ichida 300 mingga yaqin obunachiga ega bo`ladi. Rahim ilk katta daromadini o`zi ishlagan videolar orqali topgan.
«Birinchi oyda 100 ming rubl ishladim. Ilgari Instagram’dagi post 600 mingdan 700 ming rublgacha bo`lgan. Bundan keyin men shartnomalar bo`yicha faqat yirik loyihalarni amalga oshiraman, chunki men endi san`atkorman», — dedi Abramov «Forbes Digest»ga bergan intervyusida.






