Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Umidjon Umarov opasi Shahnozaning umriga zomin bo`ldi. Jinoyat izini yashirish maqsadida onasi va ukasi ishtirokida murdani o`zlari istiqomat qilayotgan xonaga ko`mib yubordi.
Kuni kecha jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyat sudida ushbu masala ko`rib chiqildi.
Voqea 2018 yilning 2 yanvar kuni bo`lib o`tgandi. 2017 yilda turmushidan ajrashgan andijonlik Shaxnoza Umarova tirikchilik vajidan fohishalik bilan shug`ullanishni kasb qilib oldi. Axloqsiz erkaklar bilan munosabati davomida ichkilik va tamaki chekishni o`rgandi. Yana ham achinarlisi, bu voqealarning barchasi o`z onasi, ukasi va jiyanlari bilan birgalikda istiqomat qilayotgan xonadonda ro`y berardi.
O`sha kuni uyiga noma`lum erkakni taklif qildi. Bir xonada o`tirib ovqatlanishdi. Ko`ngilxushlikdan so`ng erkak ketmoqchi bo`ldi. Shaxnoza «mehmon»ni kuzatib qo`yishni jiyani Sherzodga buyurdi. Bolakay begona tog`ani kuzatib kirgach, ayol uni so`roqqa tutdi.
— Menga qara, ko`chada qo`shnilar bor ekanmi?
— Ha, bor ekan.
— Ular bu kishi kim edi, deb so`rashgandir? Nima deb javob berding?
U kishini tanimasligimni aytdim.
Sherzodning ushbu javobi ayolning fig`onini ko`kka ko`tardi. Nima uchun tog`am bo`ladi, deb aytmading, deya uni qo`liga ilingan buyum bilan urdi. Kapgirni olib, beliga zarb berdi. Qo`liga olgan o`qlovni orqa peshoviga tiqishga urindi. Bolaning azoblanishiga befarq qarab tura olmagan ayolning onasi ularning o`rtasiga tushdi. O`z onasiga ham tinchlik bermagan Shahnoza ko`chaga chiqib, sigaret va aroq olib kelishini buyuradi.
Shu payt xonaga kirib kelgan ukasi Umidjon vaziyatni shu zahoti tushunadi. Onasi va jiyanini uydan chiqarib yuborib, opasini do`pposlay boshladi. Aslida ayolning ta`zirini berib qo`ygisi, shu tariqa tavbasiga tayantirib qo`ymoqchi bo`ldi. Biroq, hammasi oshib ketdi. Ayolning egnidagi kiyimini echib olib, uning oyoq-qo`lini bog`lagan yigit Shahnozaning duch kelgan joyiga tepa boshladi. Og`zi-burni qonga to`lgan opasiga rahm qilib o`tirmadi. Uni shu ahvolda ko`tarib, erga tashladi. Opasi voqea joyida hayotdan ko`z yumdi.
Qotillik jinoyatini yashirishga uringan yigit shu xonaning o`zida bir metrlik chuqur kovladi. Uni ko`mishga onasi va jiyani yordam berdi. Uchalasi xonani tartibga keltirib, bo`lib o`tgan voqeani hech kimga aytmaslikka kelishib oldilar.
Yopilgan qozon ma`lum vaqtgacha yopiqligicha qolishi mumkin edi. Biroq, yigit tinchini yo`qotdi. Tushlariga opasi kirib chiqadigan bo`ldi. Xalovatidan ayrilgach, oilasi bilan boshqa uyga ko`chib o`tishga majbur bo`ldi. Bo`lib o`tgan voqealarni turmush o`rtog`iga aytib berdi. Shu tariqa ko`ngli biroz bo`lsa-da, taskin topar, deb o`ylagan edi. Lekin ayoli bu ahvolda yashab bo`lmasligini tushundi. Ichki ishlar bo`limiga xabar berib, erining qotilligidan ogoh etdi.
Shu yilning 9 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyat sudida Umidjon Umarovning jinoyat ishi atroflicha ko`rib chiqildi va unga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.