1

O`zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo`yicha Kengashi a`zoligiga saylandi

Siyosat 14.10.2020, 14:36
O`zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo`yicha Kengashi a`zoligiga saylandi

O`zbekistonni BMT Inson huquqlari bo`yicha Kengashi (IHK) a`zoligini qo`llab-quvvatlab 169 davlat ovoz berdi.

O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasidan (Nyu-York) ma`lum qilishlaricha, 13 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi doirasida Inson huquqlari bo`yicha Kengashning 2021 — 2023 yillar uchun 15 ta a`zosining saylovi bo`lib o`tdi.

Mamlakatimiz tarixida birinchi marta O`zbekiston ushbu organga o`z nomzodini ko`rsatdi va saylovda ishtirok etdi.

Ta`kidlash joizki, respublikamizning IHKga nomzodini ko`rsatish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yuzasidan qabul qilingan Davlat dasturida mustahkamlangan.

BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi inson huquqlari bo`yicha etakchi va eng obro`li xalqaro tashkilotdir. Uning tarkibiga 47 davlat saylanadi. Kengash butun dunyo bo`ylab inson huquqlari sohasidagi barcha masalalarni va vaziyatlarni muhokama qilish vakolatiga ega. IHK a`zolari to`g`ridan-to`g`ri yashirin ovoz berish orqali Bosh Assambleya delegatlarining ko`pchilik ovozi bilan uch yillik muddatga saylanadi.

Joriy saylov jarayonida BMTning mintaqaviy guruhlari tomonidan bo`sh o`rinlarga tegishli davlatlarning nomzodlari ko`rsatildi.

Shunisi e`tiborga loyiqki, agar boshqa mintaqaviy guruhlarda bo`sh o`rinlarga davlatlar o`rtasida raqobatning yo`qligi kuzatilgan bo`lsa, O`zbekiston Respublikasi kiradigan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi guruhida IHKdagi 4 ta bo`sh o`rin uchun mamlakatimiz bilan birga Xitoy, Nepal, Pokiston va Saudiya Arabistoni da`vogarlik qildi.

Yashirin ovoz berish natijasida va kuchli raqobat davomida O`zbekiston o`z guruhidagi davlatlar orasida eng ko`p ovoz oldi va IHKga 2021 yil 1 yanvardan boshlanadigan navbatdagi uch yillik muddatga saylandi. Mamlakatimiz bilan bir qatorda Kengashga Xitoy, Nepal va Pokiston ham saylandi.

O`zbekistonning ushbu nufuzli organga saylanishi inson huquqlarini himoya qilish va rag`batlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qo`llab-quvvatlanilayotganining yorqin tasdig`i va e`tirofi bo`ldi. Shuningdek, mamlakatimiz BMT Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining maqsadlari va tamoyillariga qat`iy sodiqligi va bu boradagi xalqaro majburiyatlariga qat`iy rioya qilishining dalilidir.

Inson huquqlarini rag`batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish O`zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda demokratiya va inson huquqlarining zamonaviy mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizim shakllandi. Milliy qonunchilik va huquqni muhofaza qilish amaliyotida inson huquqlari standartlarining tizimli va izchil amalga oshirilishini ta`minlash uchun noyob model ishlab chiqildi.

Shubhasiz, BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi a`zosi sifatida O`zbekiston ushbu organning ishiga salmoqli hissa qo`shadi va uning faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1