AsosiyJinoyat

Buxoroda 7 yoshli qizaloqni qiynoqqa solib, uning qo`li va yuzlarini kuydirgan er-xotinga sud hukmi o`qildi

'Buxoroda 7 yoshli qizaloqni qiynoqqa solib, uning qo`li va yuzlarini kuydirgan er-xotinga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Buxoro shahrida yashovchi enagalar 7 yoshli qizaloq va uning 1 yoshli singlisiga qaragani uchun ularning onasidan o`z vaqtida xizmat haqi ololmaydi. Shu sabab er-xotin enagalar 7 yoshli qizga doimiy ravishda zo`ravonlik qilib, uni qiynoqqa solib kelgan. Bu haqda "Daryo" xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, Buxoro shahrida yashovchi Marat (barcha ismlar o`zgartirilgan) turmush o`rtog`i Barno bilan birga 7 yoshli Shahnoza va uning 1 yoshli singlisi Komilaga enagalik qila boshlaydi. Biroq bolalarning onasidan kelishilgan miqdordagi xizmat haqini o`z vaqtida ololmagani uchun 7 yoshli Shahnozani qasddan qiynoqqa solib kelgan.

Voqeaga aniqlik kiritilishicha, 2019 yilning sentyabr oyida Nazira Rossiyaga ishlash maqsadida ketish uchun voyaga etmagan 7 va 1 yoshli qizlarini dugonasi Barnoning qaramog`iga qoldirib, evaziga unga har oyda 200 dollar to`lashini ma`lum qilgan. Turmush o`rtog`i Marat bilan ijarada yashab kelayotgan Barno ushbu kelishuvga rozi bo`lib, dugonasining bolalariga enagalik qila boshlagan.

Tayinli ishi bo`lmagan Marat va Barno oradan bir necha oy vaqt o`tgach, voyaga etmagan bolalarning onasi kelishilgan pulni etkazavermagach, bolalarni ura boshlagan. Keyinchalik bu urish, tepkilash va kamsitishlar odatiy holga aylangan.

«Er-xotin enagalar shu qadar insoniylik qiyofasini yo`qotganki, bolalarni Buxoro shahridagi hovlilarning biriga olib borib, 7 yoshli qizaloqqa tazyiq o`tkazgan. Uni jismoniy qiynoqqa solib, qizning yuzi, qo`llari va badanining boshqa qismlariga qattiq jismlar bilan ayamasdan urgan. Oshxonadagi gazga qoshiq va kapgirni qizdirib, qizaloqning yuzi, qo`llari va badaniga yopishtirgan. Og`riqdan baqirgan qizni yomon so`zlar bilan haqoratlab, uning og`zini latta bilan bog`lagan va qiynoqqa solishda davom etgan», — deydi Akbar Jabborov.

Sudda ta`kidlanishicha, enaga Barno jinoiy harakatlarini davom ettirib, sovuq havoda qizaloqni hovli o`rtasidagi daraxtga bog`lab qo`yadigan odat chiqargan. Bu ham etmagandek, uning ustidan sovuq suv to`kib, tomosha qilgan. Qizaloq azoblarga chidolmay, baqirib yig`lagan paytda olovda qizdirilgan choynak bilan uning bilaklarini, jag` sohasi, iyagi va qulog`i atroflarini kuydirgan.

Marat turmush o`rtog`ini to`xtatish o`rniga, unga qo`shilib qizaloqning yuz qismiga mushti bilan urgan. Oshxona pichog`i bilan uning qorin sohasini kesib, tan jarohati etkazgan. Birinchi yordam ko`rsatmagani etmagandek, uni davolatish chorasini ham ko`rmagan. Jarohat o`z holicha chandiq yara bo`lib bitgan.

Qiynoq va jismoniy azoblarga solingan, to`yib ovqatlanmagan qizaloqning tinkasi qurigan. Er-xotin shunga qaramasdan, qizaloqni onasi yashaydigan uyga olib kelib, ko`p qavatli uyning zinapoyasidan itarib yuborgan. Ovozni eshitgan qo`shni eshikdan chiqib qarasa, qo`shnisining qizi erda yotgan bo`lgan. Qo`shni uy sharoitida qizaloqqa birinchi yordamni ko`rsatib, so`ngra uni shifoxonaga olib borgan.

Shuningdek, qizaloqlarning onasiga qo`ng`iroq qilib, holatni tushuntirgan. Agar zudlik bilan etib kelmasa, qizlarini bolalar uyiga topshirib yuborishini aytgan. Qizaloqlarning onasi Nazira esa qo`shnisiga ishonmay, farzandlari ishonchli qo`lda ekanligini aytgan. Shundan so`ng qo`shnisi qizaloqning tan jarohatlarini rasmga olib, onasiga yuborgan.

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filiali xulosasiga ko`ra, voyaga etmagan Shahnozaga chap elka suyagi pastki qismining tepacha orqali sinishi va qo`l sinishi tashxisi qo`yilgan. Bundan tashqari, olib borilgan sud-tergov ishlari jarayonida er-xotin enagalar qizga nisbatan bosh miya chayqalishi bilan davom etgan iyak, chap tomon pastki jag`, yuqori va pastki lab shilliq qavatlaridagi shilinmalar, o`ng bilak ko`krak orqa va old yuzasidagi, chap kurak, bel sohasidagi shilinmalar, o`ng qo`l kaft orqa yuzasidagi kuyish ko`krak old yuzasidagi yara kabi sog`lig`ining buzilishiga sababchi bo`lgan tan jarohatlari etkazgani, voyaga etmagan shaxsni qiynash jinoyatini sodir qilganiga aniqlik kiritilgan.

Sudning aniqlashtirishicha, qizaloq to`rt oy davomida qiynoqqa solib kelingan.

Sud er-xotin enagalarni Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish) bilan ayblab, 110-modda 2-qismining «a» bandi (qiynash) sanksiyasi doirasida ularga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

 
  

Boshqa yangiliklar