Qirg`iziston parlamenti spikeri Kanat Isaev prezidentlik vazifasini vaqtincha bajarib turishdan bosh tortdi.
"Mavjud ijtimoiy-siyosiy holat va mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo`yicha davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi organi oldida turgan eng muhim vazifalarni hisobga olgan holda, men o`z sa`y-harakatlarimni bevosita Jogorku Kenesh(parlament) faoliyatiga yo`naltirishga qaror qildim. Shuningdek, parlamentning oltinchi chaqiriq vakolat muddati tugayotganligi sababli, men o`zim uchun prezident vakolatlarini bajarishning imkoni yo`q deb bilaman", — dedi u.
Yaqinda bosh vazir lavozimiga tayinlangan Sadir Japarov esa o`zini Qirg`iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi deb e`lon qildi.
U Bishkekdagi Eski maydonga yig`ilgan tarafdorlari qarshisida chiqish qilishga ham ulgurdi:
«Azizlarim, sizlarni g`alaba bilan tabriklayman. Bugun hammasi joy-joyiga tushdi. Sobiq prezident iste`foga chiqdi, parlament Spikeri Kanat Isaev uning vazifasini bajarmasligini bildirdi. Endi prezident va bosh vazir lavozimlari menga o`tdi. Ishonchingiz uchun sizlardan minnatdorman», — degan u.
Va namoyishchilarni uy-uylariga tarqalishlariga chaqirgan.
Eslatib o`tamiz, kecha amaldagi prezident Sooranbay Jeenbekov iste`foga chiqqan edi.
Mamlakat Konstitusiyasiga ko`ra, bunday paytlarda davlat rahbari lavozimini saylovlargacha parlament to`rag`asi Kanat Isaev bajarib turishi kerak edi. Ammo u bu mas`uliyatni o`z zimmasiga olishni rad etdi. Natijada bosh vazir Sadir Japarov prezidentlik lavozimini ham bajarib turadigan bo`ldi.
Mavzuga doir:
O`zbekiston Bosh vaziri Qirg`iziston Bosh vazirini tabrikladi