1

Farhod Mahmudov: "O`zbekkino" bilan birgalikda loyihalarimizni amalga oshirishda davom etamiz"

Madaniyat 16.10.2020, 14:40
Farhod Mahmudov: "O`zbekkino" bilan birgalikda loyihalarimizni amalga oshirishda davom etamiz"

Farhod Mahmudov o`zbek kinosi rivojiga o`z hissasini qo`shib kelayotgan kinoijodkorlardan. O`zA uning O`zbekistondagi ijodiy faoliyati haqida suhbat tayyorladi. Aktyor "O`zbekkino" bilan hamkorlik rejalari haqida o`rtoqlashdi va amalga oshirilayotgan qo`shma loyihalar to`g`risida so`zlab berdi.

- Ma`lumki, shu kunlarda "O`zbekkino" rahbariyati bilan muzokaralar o`tkazdingiz. Unda qanaqadir kelishuvlarga erishildimi yoki yangi loyihalar muhokama qilindimi?

– Kinomatografistlarni tarbiyalashga doir g`oya ustida faol ish boshladik. Ma`lumki, 30 yildan ortiq vaqt ichida bu yil birinchi marta o`zbekistonlik 7 nafar yoshlarimiz Butunrossiya davlat kinomatografiya instituti (VGIK) talabasi bo`lishdi. Darhaqiqat, bu kino sanoatini rivojlantirish yo`lidagi jiddiy qadamdir – deydi F.Mahmudov. 

– Butunrossiya Davlat kinomatografiya institutiga o`zbekistonlik talabalarni qabul qilish oxirgi marta 1989 yilda amalga oshirilgan va ular 1994 yilda mazkur o`quv yurtini tugatgan edi. O`z mamlakatidan tashqarida bilim olish muhimligini alohida ta`kidlashni istardim. Insonni o`ziga qulay muhitdan tortib chiqarsang, u o`z dunyoqarashini kengaytirishga majbur bo`ladi, xarakteri toblanadi, o`ziga bo`lgan talabi ortadi va vaqtdan unumli foydalanishga o`rganadi. 

Bunday favqulodda holat insonning ichki salohiyatini ochib beradi. U do`stlar orttiradi, demakki, aloqalari ham ortadi. Bularning barchasini inobatga olib, yil oxirigacha Butunrossiya davlat kinomatografiya institutida O`zbekistondan 15 ta bo`lajak kinomatografchidan iborat kurs tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Men bu kursning o`qituvchisi, rahbari bo`lishga umid qilaman.

- Hozir Siz O`zbekistonda filmni suratga olishga tayyorgarlik ko`rayotgan ekansiz. Loyihangiz g`oyasi, mazmuni haqida biz bilan fikrlaringizni bo`lisha olasizmi?

– Albatta. Bu "Pari sovg`asi" deb nomlangan 6+ toifasidagi ta`sirli va yaxshilik bilan tugaydigan ertak. Hozir suratga olish uchun tayyorgarlik jarayoni ketyapti, suratga olish esa bahorda rejalashtirilgan. Lekin film uchun aktyorlarni tanlash noyabr oyida boshlanadi. Filmda rus aktyorlari ham, o`zbek san`atkorlari ham ishtirok etadi. Filmni Buxoro, Samarqand va ehtimol Xivada ham suratga olishni rejalashtirganmiz. Shuni alohida qayd etishni istardimki, "VEGA" kinokompaniyasi va "O`zbekkino" MAning ushbu filmi so`nggi bir necha o`n yilda Rossiya va O`zbekistonning ilk jiddiy va to`laqonli qo`shma kinomahsuloti bo`ladi. Agar bu birinchi tajribamiz muvaffaqiyatli chiqsa, "O`zbekkino" bilan birgalikda va Rossiya madaniyat vazirligi ko`magida navbatdagi loyihalarimizni amalga oshirishda davom etamiz.

– Farhod aka, so`nggi yillarda mamlakatimizda va xususan kino sohasida ro`y berayotgan o`zgarishlarni qanday baholaysiz?

– Asl o`zbekistonlik sifatida hozirgi kunda O`zbekistonda ro`y berayotgan ijobiy o`zgarishlarni ko`rayotganimdan faxrlanaman. Mamlakatning biznes va sayyohlik uchun jozibadorligi ortmoqda. Darhaqiqat, hozir biznesda ham, odamlar orasida ham O`zbekistonga qiziqish katta. Menimcha, bu O`zbekistonda olib borilayotgan dono ichki siyosat va juda ochiq tashqi siyosat bilan bog`liq va bu nafaqat o`z mahsulotlarini, balki xalq madaniyatini targ`ib qilish uchun mamlakatga qo`shimcha imkoniyatlar beradi. Kino san`ati vakili sifatida ushbu sohani rivojlantirish, hamkorlikni davom ettirish va qo`shma loyihalarni amalga oshirishni qo`llab-quvvatlayman. Bugun kino sohasida ro`y berayotgan ijobiy o`zgarishlarni ko`rib turibman. Hech qanday holatda ham to`xtab qolish kerak emas.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1