1

"Haqiqat qaysi tarafda bo`lsa, biz shu tarafdamiz!" Bir qator multiplikatorlarning ochiq xatiga "O`zbekkino" munosabat bildirdi

Madaniyat 18.10.2020, 17:49
"Haqiqat qaysi tarafda bo`lsa, biz shu tarafdamiz!" Bir qator multiplikatorlarning ochiq xatiga "O`zbekkino" munosabat bildirdi

Ayrim multiplikatorlarning "O`zbekkino" muammolari haqidagi ochiq xatiga "O`zbekkino" Milliy agentligi rasmiy munosabat bildirdi. Rasmiy bayonotni to`laligicha e`lon qilmoqdamiz.

«O`zbekkino»  MA kino sohasidagi muammolar bilan bog`liq barcha nuqtai nazarlarni hurmat qilishini bildiradi. Biroq, yuqorida ko`rsatilgan «Siz kim bilansiz, janob  Bosh direktor?" deb nomlangan ayrim multiplikatorlarning «O`zbekkino» muammolari haqidagi ochiq xatini ko`rib chiqib, Agentlik undagi ayblovlarni qat`iyan rad etadi va bu materialning mualliflari ma`lumotlarni atayin buzib ko`rsatib, jamoatchilikda yanglish fikrlarni shakllantirishga uringan deb hisoblaydi.

Murojaatda ko`tarilgan tanlov va PR-aksiyalar o`tkazilishi  kabi ba`zi bir mavzular haqida bahs-munozaralarga kirishmasdan, Agentlik jamoatchilik e`tiboriga quyidagi ma`lumotlarni taqdim etadi:

1. Ochiq xatda «O`zbekkino» rahbari F. Abduxalikov animasion filmlar yaratish bo`yicha davlat mablag`lari va buyurtmalarni xususiy nodavlat studiyalarga saxiylik bilan tarqatadi...» shuningdek, «o`tgan yilda davlat studiyasida bironta ham animasion film ishga tushirilgani yo`q», deb ta`kidlanadi.

Bu haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Chunki, joriy yilda «O`zbekkino» MA tomonidan  jami 5,2 mlrd. so`mlik 11 ta multiplikasion film ishga tushirilgan bo`lsa, shundan 3,4 mlrd. so`mini «Multiplikasion filmlar studiyasi»  davlat unitar korxonasi olgan (2020 yil oktyabr  oyidagi ma`lumotlar). O`tgan yili esa 4,6 mlrd. so`m umumiy summadan, studiya shuningdek, 3,4 mlrd. so`m mablag` olgan, xususiy studiyalarga esa 1,2 mlrd. so`mlik animasion mahsulotlarga mablag` ajratilgan.

2. Ochiq xatda  ta`kidlanishicha, «Multiplikasion filmlar studiyasi» DUKning 30 nafar xodimi - rejissyor, rassom va animatorlar tirikchilikdan mahrum bo`lib, ishsiz qolgan. Bu bir yildan beri davom etib kelmoqda. Pandemiya paytida bu haqiqiy falokat, chunki ularning oilalari, yosh bolalari, keksa ota-onalari bor va ularni boqish, parvarish qilish kerak...”. Bu ma`lumotlar ham haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Agentlikka qo`yilgan ayblovlar jiddiyligini hisobga olib, «O`zbekkino» ochiq xatga imzo chekkan shaxslar tomonidan o`tgan sakkiz oy mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun olingan gonorarlar miqdorini e`lon qilishga majbur:

– Hamidulla Mahmudxo`jaevga – 87 million so`m;

– Gayana Matevosyanga – 80 million so`m;

– Nilufar Qudratullaevaga – 47 million so`m;

– Dmitriy Vlasovga – 46 million so`m;

– Faina Mitugulinaga – 45 million so`m;

–Tatyana Korobovaga – 30 million so`m;

– Nozim To`laxo`jaevga – 27 million so`m.

Gonorarlar animasiya mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha amaldagi narxlarga muvofiq hisoblangan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, jamoatchilikni chalg`itmaslikni va ommaviy axborot vositalarida yolg`on ma`lumotlarni e`lon qilmaslikni so`raymiz. Bolalarni adolatli qilib tarbiyalash va haqiqatni gapirishga o`rgatadigan multfilmlar ishlab chiqaradigan odamlar, albatta, hayotdagi xatti-harakatlari bilan o`zlari yaratgan ijobiy obrazlarga mos bo`lishlari ham kerak, deb hisoblaymiz.

3. Shu bilan birga, «O`zbekkino» MA tomonidan o`tkazilgan tahlillar shuni ko`rsatdiki, bugungi kunda «Multiplikasion filmlar studiyasi» DUK tomonidan yaratilayotgan, buning uchun ulkan davlat mablag`lari sarflanayotgan qisqa metrajli animasion filmlar afsuski, O`zbekiston yosh tomoshabinlari e`tiborini jalb qila olmayapti. Murojaatni imzolaganlarning aksariyati o`z ishlarida animasion kontent yaratishning eskirgan tizimi 2D formatidan foydalanadi. Shu sababli «O`zbekkino»   ajratilgan davlat mablag`larini bolalar auditoriyalari uchun yangi, zamonaviy va talab katta bo`lgan  kontent yaratish uchun yo`naltirishni zarur deb hisoblaydi.   

«O`zbekkino»   chet el tajribasi va xorijda ham, mamlakatimizda ham mashhur bo`lgan bolalar multiplikasion seriallarini o`rganib, bilim olish va tomosha qilishni uyg`unlashtirishga yo`naltirilgan yangi janrni (edutainment: education + entertainment) amalga joriy etishga kirishgan. Agentlik tomonidan barcha quyi studiyalarni, shu jumladan multiplikasion studiyani ham texnik qayta jihozlash bo`yicha shartnoma imzolangan. Ushbu loyihaning muhim yo`nalishlaridan biri zamonaviy animasiya bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashdir.

4. Murojaatni imzolagan shaxslar tomonidan xususiy studiyalar vakillari – hamkasblari haqidagi fikrlarini va ularni layoqatsizlikda ayblashni noto`g`ri va professional etikaga to`g`ri kelmaydi deb hisoblaymiz. Tahlillar shuni ko`rsatadiki, xususiy studiyalar tomonidan 3D formatida yaratilayotgan filmlar davlat multiplikasion filmlar studiyasi tomonidan yaratilgan mahsulotlarga nisbatan yuqoriroq reytinglarga ega bo`lmoqda, ularga internetda ham, televidenieda ham talab katta. Shu sababli «Multiplikasion filmlar studiyasi» DUK buyurtmalarining bir qismi, xususan multseriallar, xususiy studiyalar bilan hamkorlikda, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yaratilmoqda.

5. Ushbu murojaatda shunday deyiladi: «O`zbekkino»  Bosh direktori davlat filmlarini moliyalashtirishning yangi qoidalarini o`rnatdi: «Agar men multfilmingizni ishga tushirsam, uni ishlab chiqarish uchun Moliya vazirligi rejalashtirgan pulning atigi 60 foizini beraman, qolganini ko`chada o`zingiz topasiz!».  Bu iqtiboslar va dalillarni qasddan noto`g`ri talqin qilishdan boshqasi emas.

Afsuski, murojaat mualliflari zamonaviy kino ishlab chiqarishni boshqarishning asosiy tushunchalari, xususan co-production – ya`ni xususiy va davlat sektorlaridan manfaatdor tashkilotlarni sherik sifatida jalb qilgan holda hammualliflikda kino ishlab chiqarish haqida tushunchalarga ega emas. Bu amaliyot allaqachon «O`zbekkino» da hujjatli va badiiy filmlar ishlab chiqarishda amaliyotga joriy etila boshlangan.

6.  Ochiq xatda «U (ya`ni Bosh direktor) «Futurist» xususiy korxonasining egasi Behzod Salomovni «Multiplikasion filmlar studiyasiga» direktor etib tayinladi, bu  yuridik jihatdan noqonuniy, chunki xususiy tadbirkor Davlat studiyasiga rahbarlik qilish huquqiga ega emas» deyilgan.

Bu ham haqiqatga mos emas. Davlat unitar korxonasining amaldagi rahbari B. Salomovning ishbilarmonlik fazilatlarini hisobga olib, uni studiya xodimlari va animatorlar jamoasining o`zi  direktor lavozimiga nomzod sifatida taklif etgan. Uning nomzodi uchun bir ovozdan ovoz berganlar orasida - bu ochiq xatga imzo chekkanlarning aksariyati bor. Natijada B. Salomov davlat unitar korxonasini to`liq boshqarish uchun «Futurist» studiyasidan ishdan bo`shadi va ta`sischilar tarkibida uning ism sharifi yo`q.

7. «O`zbekkino» MA animasion studiyada mana necha yilki birdamlik va hamjihatlik yo`qligi, vaqti-vaqti bilan janjal va xatbozlik avj olishidan afsusdamiz. Biroq O`zbekistondagi animatorlar orasida islohotlarni qo`llab-quvvatlovchilarining soni yuqorida ko`rsatilgan maktubga imzo chekuvchilarga qaraganda bir necha marta ko`pligidan xursandmiz. Shu munosabat bilan mazkur murojaatni imzolagan guruh jamoatchilikka o`zini «Multiplikasion filmlar studiyasi» DUK animatorlari jamoasi» deb taqdim etishi to`g`ri emas, deb hisoblaymiz.

8.  «O`zbekkino» MA bir necha bor ayrim shaxslar kino sohasi xodimlarini jalb qilgan holda «O`zbekkino» MA rahbariyati tomonidan kinosanoatini isloh qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish jarayonini ommaviy ravishda obro`sizlantirish maqsadida ish olib borilayotganini ma`lum qilgan. Internet tarmog`ida va ayrim yirik ommaviy axborot vositalarida «O`zbekkino» MA nuqtai nazarini taqdim etmasdan, atayin kinosanoat vakillarining noxolis materiallari, murojaatlari va intervyularini joylashtirish tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan, bunday materiallar uchun platforma taqdim etadigan ommaviy axborot vositalarining professionalligi va xolisligiga shubha qilmagan holda, ushbu turdagi materiallarni nashr etishdan oldin ma`lumotlarni qayta tekshirib ko`rishlarini va ulardagi faktlarni tasdiqlash uchun Agentlikka murojaat qilishlarini so`raymiz.

«O`zbekkino»  Milliy agentligi milliy kino maqomini ba`zi kinoijodkorlar tomonidan asossiz ayblov va tuhmatlardan himoya qilish maqsadida ayrim turdagi hujjatlarni chop etish huquqini o`zida saqlab qoladi.

«O`zbekkino» Milliy agentligi mamlakat kino sanoatini isloh qilish va rivojlantirishning barcha masalalari bo`yicha muloqotga tayyorligini yana bir bor ma`lum qiladi.

«O`zbekkino» Milliy agentligi Axborot xizmati
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1