Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo`g`on Rossiya, AQSh va Fransiya Armanistonga qurol etkazib berayotganini e`lon qildi.
«Armaniston sulhni yana buzdi. Rossiya, AQSh va Fransiyadan iborat EXHT Minsk guruhi Armanistonni qurol-yarog` bilan har tomonlama qo`llab-quvvatlamoqda. Ular Armanistonga tarafkashlik qilmoqda», — dedi Erdo`g`on Shirnak viloyatida so`zga chiqqanda. Translyasiya turk etakchisining «Twitter»ida olib borildi.
Tog`li Qorabog`dagi nizo 1988 yilning fevral oyida Tog`li Qorabog` muxtor viloyati Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqishini e`lon qilganidan so`ng yuzaga kelgandi. Nizo qurolli to`qnashuvga sabab bo`lgan. Nizoni tinch yo`l bilan hal etish bo`yicha muzokaralar Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhi doirasida 1992 yildan beri o`tkazib kelinadi. Ozarbayjon o`z hududiy yaxlitligini saqlab qolishga da`vo qilmoqda, Armaniston tan olinmagan respublika manfaatlarini himoya qilmoqda.